Jahon bankining “Tajikistan Digital Foundations“ loyihasi doirasida Tojikiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlari vakillaridan iborat delegatsiya davlat boshqaruvini raqamlashtirishga qaratilgan ilgʻor GovTech yechimlari bilan tanishish hamda tajriba almashish maqsadida “Unicon Soft” kompaniyasiga tashrif buyurdi.
Aytish joizki, “Unicon Soft” MChJ bungacha ham qardosh mamlakat davlat sektorini raqamlashtirish yoʻlida bir qator muhim loyihalarni amalga oshirgan. Tojikistonda muvaffaqiyatli ishlab turgan Yagona elektron hujjat aylanishi, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishish, Ijro intizomi nazorati, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimlari, Elektron shartnomalar platformasi va Yagona identifikatsiya tizimi kabi yirik loyihalar davlatlararo muvaffaqiyatli hamkorlikning yorqin natijasidir.
Bu galgi tashrif ham juda samimiy va ishchan ruhda oʻtdi. Tashrif davomida delegatsiya aʼzolariga kompaniyamizning davlat boshqaruvi sohasini transformatsiya qilish, qogʻozbozlikni kamaytirish va jarayonlar xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiluvchi eng sara dasturiy mahsulotlari taqdimot qilindi. Xususan, Oʻzbekistonda qogʻoz sarfini va byurokratik toʻsiqlarni keskin kamaytirishga xizmat qilayotgan, davlat idoralari oʻrtasidagi integratsiyani taʼminlovchi yechimlar, boshqaruv va tahlil jarayonlarida sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan unumli foydalanish, raqamli maʼlumotlar almashinuvida xavfsizlikni taʼminlash masalalari mehmonlarda koʻproq qiziqish uygʻotdi.
Uchrashuv davomida Tojikiston delegatsiyasi vakillari oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga kompaniyamiz rahbariyati va mutaxassislaridan batafsil javob olishdi.