Prezident Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahrida axborot xavfsizligi va raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan “Cyber University” davlat universitetiga tutash hududda barpo etiladigan Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Umumiy maydoni 36 gektar bo‘lgan markaz qurilishiga qariyb 500 million dollar investitsiya jalb qilinadi. U ta’lim, ilmiy tadqiqot, texnologik sinov va ishlab chiqarish jarayonlarini birlashtiradigan yagona innovatsion ekotizim bo‘ladi.
Nurafshon shahrining tanlanishi bejiz emas. Bu yerdagi “Cyber University”da kiberxavfsizlik hamda axborot himoyasi sohalarida qariyb 1 ming nafar mutaxassis tayyorlanmoqda. Endi universitet atrofida butun mamlakat uchun namuna bo‘ladigan yaxlit innovatsion klaster shakllantiriladi.
Markazda kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va kriptografiya yo‘nalishlarida 6 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etiladi. Shuningdek, sun’iy intellekt data-markazi va muhandislik klasteri, himoyalangan kompyuter hamda ma’lumot uzatish qurilmalari, yuqori texnologik tokenlar ishlab chiqarish markazi barpo etiladi. Uchuvchisiz dron qurilmalari va robototexnika vositalarini sinovdan o‘tkazish uchun maxsus poligon faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur loyihalar realizatsiyasi “Unicon Soft” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida mahalliy texnologiyalarni tijoratlashtirish va milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish platformasi yaratiladi. Loyihalarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 5 megavattli energetika quvvatlari barpo etiladi.
Markazga yetakchi global kompaniyalar, universitetlar va olimlarni jalb qilish, talabalar va xodimlar uchun zamonaviy ijtimoiy, madaniy va maishiy infratuzilma yaratish ko‘zda tutilgan.
Eng muhimi, mazkur innovatsion ekotizimda 5 mingdan ziyod yuqori malakali ish o‘rni tashkil etiladi. Markaz Toshkent viloyatida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va hududning innovatsion salohiyatini yuksaltirishga katta turtki beradi.
Qayd etilganidek, joriy yilda Toshkent viloyatining raqamli xizmatlar eksporti ilk bor 50 million dollarga yetishi kutilmoqda. Mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish uchun Nurafshon va Chirchiq shaharlarida zamonaviy IT park binolari qurilishiga ham start berildi.
– Uzoqlarni ko‘zlab, chin dildan amalga oshirayotgan ortga qaytmas islohotlarimiz Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘lgan yoshlarimiz kelajagi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. “Raqamli O‘zbekiston” kelgusi avlodlarga bizdan munosib meros bo‘lib qoladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Mazkur maskanni Toshkent viloyatining sun’iy intellekt va raqamlashtirish markaziga, yoshlarning bilim, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqaradigan zamonaviy majmuaga aylantirish asosiy maqsad ekani ta’kidlandi.
Kelajak texnologiyalari markazida amalga oshiriladigan ilmiy ishlanmalar, texnologik yechimlar va kashfiyotlar mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Marosimda Xitoy, Rossiya va Germaniya kompaniyalari ishtirokida amalga oshiriladigan, umumiy qiymati 465 million dollar bo‘lgan 9 ta yangi loyiha qurilishiga ham start berildi.
Ushbu yangi quvvatlar ishga tushishi natijasida yana 5 mingta ish o‘rni yaratiladi, aholining zamonaviy ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy hamkorlar, mutaxassislar va quruvchilarga muvaffaqiyat tiladi.