Ariza yuborish

Unicon-Soft Xitoyning yetakchi kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi

18.06.2025
45
Unicon-Soft Xitoyning yetakchi kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi

Memorandumning asosiy maqsadi yangi elektron texnologiyalarni ishlab chiqish, xorijiy investisiyani jalb etish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan.

Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov mamlakatning yetakchi moliyaviy va texnologik markazlaridan biri — Guandun provinsiyasining Shenchjen shahrida faoliyat yuritayotgan nufuzli va iqtisodiy barqaror tadbirkorlar, korporatsiyalar hamda kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvda Shenchjenda faoliyat yuritayotgan nufuzli iqtisodiy barqaror kompaniyalar bilan yangi texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik istiqbollari, O‘zbekiston sharoitida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish hamda mahsulot va xizmatlarni eksport qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Xitoyning yetakchi kompaniyalari — Unicon-Soft hamda Shenzhen T.D.S Electronic Technology Co. Ltd. o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, yangi elektron texnologiyalarni ishlab chiqish, xorijiy investisiyani jalb etish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.

XXRga xizmat safari davomida Raqamli texnologiyalar vazirligi rahbariyati Alibaba Cloud Intelligence kompaniyasining vise-prezidenti va boshqaruv direktori Daniyel Chjao hamda Alibaba.com kompaniyasining elektron tijorat biznes guruhi bosh ijrochi direktori Fan Jing bilan ham uchrashdi. Mazkur uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishdilar.

Shu bilan birga, Hubei, Huizhou va Kashgar shaharlari rahbariyati bilan raqamli texnologiyalar sohasida ishlab chiqarish yo‘nalishidagi loyihalar va tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan fikr almashildi.

Tavsiya