Ariza yuborish

Dasturiy mahsulotlarimiz xalqaro ko‘rgazma ishtirokchilari tomonidan e’tirof etildi

01.05.2025
78

28–30-aprel kunlari Toshkent shahrida “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu nufuzli tadbirda ellikdan ortiq xorijiy va yuzdan ortiq mahalliy kompaniya to‘qimachilik, energetika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, IT texnologiyalari yo‘nalishidagi ilg‘or texnologik yechimlar, zamonaviy uskunalar va tayyor mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

Beshinchi bor tashkil etilgan xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ishtirokchilarga o‘z mahsulot va xizmatlarini xalqaro miqyosda namoyish etish, yangi hamkorlar topish va eksport geografiyasini kengaytirish imkonini taqdim etdi. Bu tadbir orqali mahalliy kompaniyalar o‘z mahsulotlarini boshqa bozorlarga olib chiqish, yangi texnologiyalar bilan tanishish va raqobatbardoshligini oshirish imkoniga ega bo‘lishdi.

“Unicon Soft” kompaniyasi ham o‘zining ikkita dasturiy mahsuloti bilan ko‘rgazmada qatnashdi. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan stendda kompaniyamiz tomonidan ishlab chiqilgan “edo.ijro.uz” — yagona idoralararo elektron hujjat aylanish tizimi hamda UzFace tizimlarining o‘ziga xosliklari haqida ko‘rgazma ishtirokchilariga atroflicha ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Senati va Qonunchilik palatasi, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va Biznes-ombudsman, Vazirlar Mahkamasi hamda barcha vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga to‘liq joriy qilinib, umumiy ekotizim doirasida elektron hujjat almashish jarayonlari amalga oshirib kelinayotgan “edo.ijro.uz” yagona idoralararo elektron hujjat aylanish tizimi xodimlarning hujjatlar bilan ishlash jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, xususan, barcha turdagi ichki hujjatlar (buyruq, bildirgi, farmoyish, bayon, chora-tadbirlar, yo‘l xaritalari, nazorat rejalari va boshqalar) ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash jarayonlari to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirish hamda ularni ijrosini nazorat qilish, tizimdan istalgan joydan turib va istalgan vositadan (mobil, noutbuk) foydalana olish imkoniyatlarini taqdim etadi.

Bugungi kunda jamoat joylari, stadion va pavilyonlar, bank va yirik savdo majmualarida sinovdan o‘tkazilayotgan “UzFace” tizimi esa fuqarolarni masofaviy biometrik identifikatsiya qilish, bu orqali jamoat xavfsizligiga tahdidlar hamda jinoyatchilikning oldini olish imkonini bermoqda. 

Kompaniyamiz tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar xalqaro ko‘rgazma ishtirokchilarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Tavsiya