Avstraliyada efirga uzatiladigan hamda onlayn va iHeartRadio ilovasi orqali tinglanadigan CADA radiostansiyasi Thy ismli sunʼiy intellekt boshlovchisini yaratib, ishga tushirdi. The Sydney Morning Herald gazetasi xabar berishicha, radiostansiya faqat yarim yildan so‘ng Thy haqiqiy inson emas, balki neyron tarmoqqa asoslangan ishlanma ekanligini maʼlum qildi.
Thy ish kunlari ertalab soat 11 da efirga chiqib, to‘rt soat davomida hip-hop musiqalarini uzatadi. “Siz ishda, avtomobilda, jamoat transportida yoki universitetda bo‘lganingizda, Thy sizga butun dunyodagi eng qizg‘in treklarni taqdim etadi”, - deya taʼriflanadi boshlovchi.
Thy‘ni yaratishda matnni nutqqa aylantiradigan ElevenLabs platformasidan foydalanilgan. Boshlovchining ovozi va tashqi ko‘rinishi radiostansiyaning moliya bo‘limi xodimidan nusxa olingan.
Avstraliya aloqa va ommaviy axborot vositalari boshqarmasining tushuntirishicha, mamlakatda radiostansiyalarga sunʼiy boshlovchilardan foydalanish haqida tinglovchilarga xabar berish majburiyatini yuklaydigan qonunlar hali mavjud emas. ARN (CADA‘ning bosh kompaniyasi) vakili aytishicha, kompaniya yangi texnologiyalar tinglovchi qabul qilishini qanday yaxshilashi mumkinligini o‘rganmoqda.
“Workdays with Thy” dasturi noyabr oyidan beri efirga uzatilmoqda. Maʼlum qilinishicha, o‘tgan oyda dasturni kamida 72 ming kishi tinglagan.