Bugungi kunda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalar asosida davlat xizmatlarini takomillashtirish mintaqadagi barcha davlatlar uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu ma’noda, Tojikiston va O‘zbekiston raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ushbu hamkorlik bosqichma-bosqich barqaror va samarali tus olmoqda.
Tomonlarning qo‘shma tashabbuslari davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, axborot xavfsizligini mustahkamlash hamda fuqarolar uchun zamonaviy elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Bunday tashabbuslar o‘zaro ishonchni mustahkamlab, mintaqada yagona raqamli makonni shakllantirish uchun qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Dushanbe Invest–2025” xalqaro forumi doirasida Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar agentligi qoshidagi “Elektron imzolash markazlari, davlat xizmatlari va raqamli dasturlarni ishlab chiqish” ochiq aksiyadorlik jamiyati hamda O‘zbekiston Respublikasining “UNICON SOFT” MChJ o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.
Hujjatda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish nazarda tutilgan:
– elektron hujjat aylanish tizimlarini rivojlantirish va joriy etish;
– Tojikiston Respublikasi davlat organlari topshiriqlarining bajarilish samaradorligini oshirishga qaratilgan axborot yechimlarini ishlab chiqish;
– Tojikistondagi davlat tuzilmalarining hujjatlar bilan ishlash jarayonlarini bosqichma-bosqich raqamli formatga o‘tkazish.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi raqamli transformatsiya sohasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqib, yangi loyihalar va qo‘shma tashabbuslar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz.