Ariza yuborish

“Foydalanishga ruxsat” berilsa, xodimlar yiliga 122 soatgacha vaqt tejashlari mumkin”

28.04.2025
101
“Foydalanishga ruxsat” berilsa, xodimlar yiliga 122 soatgacha vaqt tejashlari mumkin”

Google kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, xodimlar maʼmuriy vazifalarni bajarish uchun sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanib, yiliga taxminan 122 soat vaqtni tejashlari mumkin ekan. Bu natija Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan AI Works tajribasida aniqlangan.

Tajriba doirasida turli sohalardagi korxonalar xodimlari, maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilarga sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanish o‘rgatildi. Shundan so‘ng tadqiqotchilar ularning foydalanish darajasini baholadilar.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, odamlar sunʼiy intellektni tez o‘zlashtirar ekan: atigi bir necha soatlik mashg‘ulotlardan so‘ng sunʼiy intellektdan kundalik foydalanish ikki baravarga oshgan va bu daraja bir necha oydan keyin ham saqlanib qolgan. Shuningdek, tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ishchilarning taxminan 66 foizi, asosan katta yoshli ayollar (55 yoshdan yuqori) va kam taʼminlangan kishilar ishda sunʼiy intellektdan hech qachon foydalanmagan ekan. Bundan tashqari, kichik korxonalar sunʼiy intellektdan foydalanish darajasi bo‘yicha yirik kompaniyalardan orqada qolmoqda.

Taʼlim vaziyatni o‘zgartiradi. Sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanishni o‘rganish boshlanishidan oldin 55 yoshdan oshgan ayollarning atigi 17 foizi ulardan har hafta, 9 foizi esa har kuni foydalangan. Uch oydan so‘ng bu ko‘rsatkichlar sezilarli darajada oshdi: 56 foizi sunʼiy intellektdan har hafta, 29 foizi esa har kuni foydalanadigan bo‘ldi.

Tadqiqotchilar, shuningdek, qiziqarli bir jihatni taʼkidladilar: sunʼiy intellektni muvaffaqiyatli joriy etish uchun xodimlarga “foydalanishga ruxsat” kerak ekan. Ular sunʼiy intellektdan foydalanishga ruxsat berilganini bilishlari, bundan tashqari, sunʼiy intellekt ularga internet yoki qidiruv tizimlaridan foydalanish kabi afzallik berishini tushunishlari lozim.

O‘tgan yili Google sunʼiy intellekt Britaniya iqtisodiyotiga 2030 yilga kelib 400 milliard funt sterling foyda keltirishi mumkinligini maʼlum qilgan edi. Ammo bunga erishish uchun xodimlar sunʼiy intellekt vositalarini faol joriy etishlari va ulardan samarali foydalanishlari zarur.

Tavsiya