Ariza yuborish

Ijtimoiy tarmoqlar yana bittaga ko‘payadi: OpenAI‘dan yangilik

16.04.2025
89
Ijtimoiy tarmoqlar yana bittaga ko‘payadi: OpenAI‘dan yangilik

OpenAI kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlar bozoriga kirishga tayyorlanmoqda. ChatGPT ishlab chiquvchilari X ijtimoiy tarmog‘iga o‘xshash loyiha ustida ish olib bormoqdalar. Asosiy maqsad Meta va X platformalari kabi noyob maʼlumotlar asosida sunʼiy intellektni o‘qitish imkoniyatini yaratish ekanligi taʼkidlanmoqda.

Loyiha hozircha dastlabki bosqichda, biroq The Verge nashrining xabar berishicha, kompaniya ichida allaqachon foydalanuvchilar ChatGPT tomonidan yaratilgan tasvirlarni joylashtirishi mumkin bo‘lgan lentali prototip ishlab chiqilgan. OpenAI bosh direktori Sem Altman ekspertlarga g‘oyani muhokama qilishni taklif etgan, ammo ilova mustaqil bo‘ladimi yoki ChatGPT‘ning bir qismiga aylanadimi, hozircha nomaʼlum.

Ijtimoiy tarmoqning ishga tushirilishi Altman va Ilon Mask o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Mask OpenAI‘ni 97,4 milliard dollarga sotib olishni taklif qilgandi, bunga javoban Altman: “Yo‘q, rahmat, lekin biz o‘z navbatida Twitter‘ni 9,74 milliard dollarga sotib olishimiz mumkin edi”, degan edi.

Shu bilan birga, tahlilchilarning fikricha, OpenAI sunʼiy intellekt yordamchisi va ijtimoiy lentaga ega alohida ilova ishlab chiqayotgani aytilayotgan Meta bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatga kirishish xavfiga duch kelishi mumkin. Bundan oldin, Meta ilovasi haqida dastlabki maʼlumotlar paydo bo‘lganida, Altman o‘z ijtimoiy tarmog‘ini yaratish ehtimolini inkor etmagan edi.

Ijtimoiy tarmoqqa ega bo‘lish OpenAI‘ga real vaqt rejimida noyob maʼlumotlarni to‘plash imkonini beradi - xuddi X va Meta o‘z platformalarida sunʼiy intellekt (SI) modellarini ochiq foydalanuvchi kontentida o‘rgatayotgani kabi. OpenAI loyihasi kompaniya laboratoriyasidan tashqariga chiqadimi yoki yo‘qmi, hali nomaʼlumligicha qolmoqda.

Tavsiya