
Daniya hukumat komissiyasining tavsiyasiga ko‘ra, maktablar va sinfdan tashqari mashg‘ulotlarda mobil telefonlar taqiqlanadi. Rasmiylar, shuningdek, 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarda shaxsiy smartfon yoki planshet bo‘lmasligi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda The Guardian.
2023 yilda tashkil etilgan Daniya farovonlik komissiyasi shu hafta bolalar va yoshlar hayotini raqamlashtirish bo‘yicha hisobot taqdim etdi. 35 ta tavsiya orasida maktablar va sinfdan tashqari to‘garaklarda telefonlarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish zarurligi taʼkidlangan.
Mahalliy hokimiyat organlari bu talabdan istisno qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi, jumladan, alohida ehtiyojli bolalar uchun ham. Qolgan barcha holatlarda mobil telefonlar va shaxsiy planshetlar “maktabda tanaffus paytida ham, dars paytida ham ishlatilmasligi shart”.
Komissiya raisi Rasmus Meyer mobil telefonlarni taqiqlashni maktablarda chekishni taqiqlash bilan taqqosladi va bolaga smartfon berilganda, u “uning butun hayotini mustamlaka qilib olishini” taʼkidladi.
Ilgari bunday taqiqni Fransiya ham joriy etgan edi: 2018 yildan boshlab boshlang‘ich va o‘rta sinf o‘quvchilariga maktab binolarida telefondan foydalanish taqiqlangan. Bundan tashqari, yaqinda Norvegiya ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish uchun minimal yoshni 15 yosh deb belgiladi.