Singapurdagi eng yirik DBS banki o‘zining shtatdan tashqari (vaqtinchalik ishga yollangan) 4000 ga yaqin xodimini yoki jami ishchilarning 9,7 foizini ishdan bo‘shatib, ularning vazifalarini sunʼiy intellekt tizimlariga yuklashni rejalashtiryapti. Tashkilotning o‘zi bu tashabbusni “yaqin yillarda vaqtinchalik va shtatdan tashqari lavozimlar qisqarishi natijasida ishchi kuchining tabiiy kamayishi” bilan izohladi.
Bank vakili qaysi lavozimlar qamrab olinishi va faqat Singapurning o‘zida qancha odam ishsiz qolishini aniq aytmadi, biroq tashabbusning doimiy xodimlarga taʼsir qilmasligini taʼkidladi. Shu bilan birga, DBS sunʼiy intellekt sohasida mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda. O‘tgan yili bank bosh direktori Piyush Gupta (Piyush Gupta) bankda sunʼiy intellekt tizimlarini joriy etish o‘n yildan ortiq vaqtdan beri davom etayotganini maʼlum qilgan edi. Hozirga kelib DBS‘da “350 ta ssenariydagi 800 dan ortiq sunʼiy intellekt modeli ishga tushirilgan va ulardan kutilayotgan iqtisodiy samara 1 milliard Singapur dollari (745 million AQSH dollari)dan oshishi taxmin qilinmoqda”, - dedi bank rahbari.
Mutaxassislar hozircha sunʼiy intellektning mehnat bozoriga taʼsiri qanday bo‘lishi haqida turli fikrlarda. 2024 yilda XVJ boshqaruvchi bosh direktori Kristalina Georgiyeva Kristalina Georgieva) sunʼiy intellekt butun dunyo bo‘ylab ish o‘rinlarining 40 foiziga taʼsir qilishi va “ehtimol, tengsizlikni kuchaytirishi” mumkinligini aytdi. Biroq, Angliya banki rahbari Endryu Beyli (Andrew Bailey) sunʼiy intellektning “ish o‘rinlarini ommaviy ravishda yo‘q qiluvchi”ga aylanishiga shubha bildirdi. Shu bilan birga, Norton antivirus dasturi ishlab chiqaruvchisi o‘tkazgan tadqiqot natijalari yana-da qiziq: so‘ralganlarning 62 foizi tanishuv saytlaridagi profillarda sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan kontentni aniqlay olmagan.