Lasers (“Lazerlar”) ixtisoslashtirilgan jurnalida bugungi kundagi eng mukammal kamera yaratilgani haqida maqola eʼlon qilindi. 100 km masofadan 1,7 mm lik obyektni ajrata olish qobiliyatiga ega ushbu kamera kelajakda uzoq masofalardan shunchalik aniq suratlar olishi mumkinki, bu odamlarning yuzlarini farqlash, shuningdek, chet el sunʼiy yo‘ldoshlarini kuzatish va ularning seriya raqamlarini o‘qish imkonini beradi.
Maqola bejiz “Lazerlar” jurnalida chop etilmagan. Taqdim etilgan kamera modernizatsiya qilingan lidardir. Lazer 4 × 4 mikrolinzalar matritsasini yoritib, sintezlangan aperturani hosil qiladi. Bu deyarli mikroto‘lqinli radarga o‘xshaydi, lekin optik diapazonda ishlaydi. Bir nechta uzatkich va qabul qilgichlarning kombinatsiyasi, shuningdek, shovqinni bostirish va qayta ishlash algoritmlari tufayli ajoyib natijaga erishildi.
Xitoy Fanlar akademiyasining Aerokosmik axborot ilmiy-tadqiqot instituti tadqiqotchilari jamoasi ishlab chiqqan kamera Sinxay ko‘lida sinovdan o‘tkazildi. U ko‘lning shimoliy qirg‘og‘iga joylashtirildi va qarama-qarshi qirg‘oqda 101,8 km masofada burchakli qaytargichlar to‘plami o‘rnatildi. Sinovlar shamolsiz, ideal ob-havo sharoitida o‘tkazildi. Kamera detallarni 1,7 mm, obyektlargacha bo‘lgan masofalarni esa 15,6 mm aniqlik bilan o‘lchay oldi. Bu ushbu sohadagi zamonaviy tijorat uskunalarining imkoniyatlaridan ikki baravar yuqori.
Bundan tashqari, lazer nuri 10 GGs o‘tkazish polosasidan keng bo‘lgan chastotalar diapazonida chirplandi. Bu masofalarni aniq o‘lchash imkonini beruvchi yuqori uzoqlik aniqligiga erishishda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Olimlar, shuningdek, lazer nurlanishining optik shovqinini 10 000 baravar kamaytiradigan moslashuvchan algoritmlardan foydalandilar. Bu nishonning juda zaif signallarini ilg‘ash va uzoqdagi obyektlarning batafsil tasvirlarini olish imkonini berdi. Ilgari bunday masofalarda buning iloji yo‘q edi.
Taqdim etilgan texnologiya ayg‘oqchilik maqsadlarida ishlatilishi mumkin. U chet el davlatlarining harbiy sunʼiy yo‘ldoshlarini batafsil o‘rganish, hatto ularning bort uskunalaridagi seriya raqamlarini o‘qish imkonini beradi. Biroq, amalda tasvirning eʼlon qilingan aniqligiga erishish qiyin bo‘ladi. Chunki atmosfera turbulentligini (moslashuvchan optika yordamida hal qilinadi) va boshqa bir qator omillarni, shu jumladan butun tizimning mexanik tuzilishining murakkabligini hisobga olish kerak bo‘ladi.