Ariza yuborish

Yosh dasturchilar sunʼiy intellektga “suyanib qolyapti”

19.02.2025
78
Yosh dasturchilar sunʼiy intellektga “suyanib qolyapti”

Dasturchi Namanyaya Goel o‘z blogida baʼzi yosh dasturchilar sunʼiy intellekt agentlarisiz kod yozishni bilmasliklari haqida post qoldirdi. Unda taʼkidlanishicha dasturchilikka kirib kelayotgan yangi avlod doimiy ravishda Copilot, Claude va ChatGPT‘dan foydalanmoqda.

Goelning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda junior, yaʼni boshlang‘ich dasturchilar kodni har qachongidan ham tezroq yozmoqda. Bunday kod haqiqatan ham ishlaydi, lekin dasturchilar ko‘p hollarda u qanday ishlashini tushuntira olmaydilar, deb taʼkidlaydi muallif. Uning fikricha, ilgari muammolar yechimini izlash natijasida dasturchilarda maʼlum bir bilimlar shakllangan, bugun esa “masalani hal etish” bilan sunʼiy intellekt shug‘ullanmoqda.

“Biz chuqur tushunishni tezkor yechimlarga almashtiryapmiz va hozirda bu ajoyib tuyulsa-da, keyinchalik buning uchun haq to‘lashimiz kerak bo‘ladi”, deya taʼkidlaydi Goel.

U Stack Overflow nima ekanligini bilmaydigan yangi dasturchilar avlodi paydo bo‘lganini maʼlum qildi. Ilgari dasturlash muammolarini hal qilishning boshqa usuli mavjud edi: Google orqali qidirish va malakali mutaxassislar bilan, shu jumladan Stack Overflow orqali muloqot qilish.

Mutaxassislar bilan muloqot nafaqat o‘z savoliga javob olish, balki ko‘plab yangi maʼlumotlarni o‘rganish imkonini beradi, deb davom etadi Goel.

Zamonaviy juniorlar shunchaki chat-botlarni ochib, ko‘rgan xatolarini kiritib qo‘ya qolishadi. Cursor kabi vositalar hatto buning uchun brauzer oynalari orasida o‘tib yurishni ham talab qilmaydi. Bu tez va qulay, lekin o‘rganishning eng yaxshi usuli - bu qiziqtirgan mavzu bo‘yicha tajribali dasturchilarning muhokamalarini o‘qishdir, deb taʼkidlaydi blog muallifi.

Sunʼiy intellekt dasturchi savollariga javob beradi, lekin olingan bilimlar yuzaki bo‘lib qoladi. Stack Overflow bilan to‘liq tasavvurga ega bo‘lish uchun ko‘plab ekspert muhokamalarini o‘qishga to‘g‘ri kelardi. Bu usul sekinroq bo‘lsa-da, dasturchilar yozilgan kod qanday ishlashini tushunib olishardi.

Goel o‘rgatuvchi yondashuvli sunʼiy intellektdan foydalanishni tavsiya etadi. Javobni olgandan so‘ng, u yoki bu kod qanday ishlashini aniqlashtirish kerak. Muallif Reddit, Discord, Mastodon va boshqa platformalarda o‘z hamjamiyatini topishni maslahat beradi, u yerda haqiqiy muhokamalarni ko‘rish va ularda ishtirok etish mumkin.

Kodni baholashning boshqa usullarini topish kerak, masalan, uni jamoa bilan muhokama qilish. Noldan nimadir yaratish muhim, deydi GoEl. Bunday kod sifati pastroq bo‘lishi mumkin, lekin buning evaziga dasturchi har bir qatorni tushunadi, bu esa bilimlarni chuqurlashtiradi.

Tavsiya