Clone Robotics kompaniyasi Protoclone robotini taqdim qilmoqda. Bu anatomik jihatdan haqiqiy odamga yaqinlashtirib yasalgan android insonning mushak-skelet tuzilishini takrorlovchi yuzlab sunʼiy mushaklar tufayli odamga o‘xshab harakat qila oladi. Ko‘rinishi vahimali, biroq kelajakda ular bosh rolga daʼvogar bo‘lishi mumkin.
Ilgari faqat tanasining yuqori qismi bo‘lgan anatomik jihatdan aniq Torso roboti versiyasi namoyish etilgandi. U imo-ishora qilib, boshini aylantira olardi. Protoclone roboti esa chanoq va oyoqlarga ega bo‘ldi. To‘g‘ri, hozircha u tik turishga qodir emas, shu bois arqonlarga osilgan holda oyoqlarini qimirlatdi.
Protoclone‘ning qo‘l-oyoqlarini 1000 dan ortiq sunʼiy mushaklar - Makkiben aktuatorlari boshqaradi. Jozef Makkiben tomonidan 1950-yillarda ortopedik maqsadlarda ishlab chiqilgan ushbu sunʼiy pnevmatik mushaklar yuqori moslashuvchanligi va kuchi tufayli robototexnika, biotibbiyot muhandisligi va sanoatda keng qo‘llaniladi. “Mushaklar” qattiq to‘qima bilan o‘ralgan elastik naychalardir. Nayga siqilgan havo yuborilganda, nay o‘rtasida chulg‘am hisobiga kengayadi va qisqarib, ulangan qismlarni harakatga keltiradi.
Vaqt o‘tishi bilan Clone Robotics siqilgan havoni gidravlik yuritmaga almashtirmoqchi, bu esa robotni yana-da sokin va sezilarli darajada kuchli qiladi. Buning uchun uning ko‘krak qafasiga 500 Vt quvvatli nasos o‘rnatiladi.
Kompaniyaning X tarmog‘idagi sahifasida namoyish etilgan Protoclone modeli 200 dan ortiq erkinlik darajasiga ega va 500 ta sensor bilan jihozlangan. Kompaniya o‘z oldiga robot ko‘rinishidagi inson tanasining to‘liq mushak-skelet imitatsiyasini yaratish vazifasini qo‘ygan. Hozircha u ko‘proq qo‘rqinchli film qahramoniga o‘xshaydi. Har holda, kinoda bunday rollarga uni ortiqcha savollarsiz olishadi. Nashrlarga izoh qoldirgan odamlar ham robotga turlicha munosabat bildirdilar: baʼzilar uning haqiqatan ham robot ekaniga ishonishmadi, baʼzilar esa buni dahshatli deb hisoblab, kompaniyaga to‘xtatishni tavsiya qilishdi, biroq tizimdan hayratga tushganlar ham bo‘ldi.