Yuqori samaradorlikka ega arzon chat-botni yaratgan Xitoy kompaniyasi DeepSeek o‘z modelining xavfsizligi bilan bog‘liq jiddiy muammolar tufayli eʼtibor markaziga tushdi. Mashhurligining tez surʼatlarda o‘sishiga qaramay, yangi DeepSeek R1 chat-boti zararli so‘rovlarni to‘sishda juda yomon natijalar ko‘rsatdi, deb xabar bermoqda PCMag.
Cisco kompaniyasi tadqiqotchilari DeepSeek R1 modelini kiberjinoyatchilik, soxta axborot tarqatish va noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq 50 ta so‘rovni o‘z ichiga olgan avtomatlashtirilgan algoritmdan foydalanib buzishga erishdilar. Chat-bot birorta ham xavfli so‘rovni rad eta olmadi va taqiqlangan ko‘rsatmalarni bera boshladi.
Agar Xitoy chat-botini xavfsizlik nuqtai nazaridan raqobatchilari bilan solishtiradigan bo‘lsak, statistika DeepSeek foydasiga emas, masalan, OpenAI kompaniyasining GPT-4o modeli zararli so‘rovlarning 14 foizini, Google Gemini 1.5 Pro - 35 foizini, Claude 3.5 esa 64 foizini rad eta oldi. Eng yaxshi natijani OpenAI o1‘ning sinov versiyasi ko‘rsatdi, u 74 foiz hujumlarni to‘sdi. Cisco mutaxassislari fikricha, DeepSeek‘ning bunday “xatti-harakati” sababini ishlab chiqishga sarflangan mablag‘ning kamligida ko‘rmoqda. Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, modelni yaratish uchun atigi 6 million dollar sarflangan, holbuki, masalan, GPT-5‘ni o‘qitish taxminan yarim milliard dollarga tushgan.
Hujumlardan yetarlicha himoyalanmagan bo‘lishiga qaramay, DeepSeek ayrim nozik mavzularda qattiq senzurani namoyish etadi.
Qiziq tomoni shundaki, xavfsizlik va senzura muammolari hozircha DeepSeek‘ning ommalashuviga taʼsir qilmayapti. Similarweb maʼlumotlariga ko‘ra, chat-bot foydalanuvchilari soni kuniga 300 mingdan 6 milliongacha o‘sdi. Microsoft va Perplexity esa ochiq manba kodiga asoslangan DeepSeek‘ni o‘z ishlanmalariga qo‘shishni boshladilar.