2030 yilga kelib mehnat bozorini nima kutmoqda?
Butunjahon iqtisodiy forumining “Future of Jobs Report 2025” tadqiqotida taʼkidlanishicha, sunʼiy intellekt butun dunyo bo‘ylab 170 million yangi ish o‘rinlarini yaratishga turtki bo‘ladi.
2030 yilga kelib, hozirgi bo‘sh ish o‘rinlari va kasblarning 22 foizigacha yo‘qolishi mumkin, biroq shu bilan birga ishchilarning 8 foizi yangi sohalarga o‘tadi. Natijada ish bilan bandlikning umumiy sof o‘sishi taxminan 7 foizni tashkil etadi va sunʼiy intellektning joriy etilishi tufayli mehnat vazifalari tarkibi sezilarli darajada o‘zgaradi, deb yozadi “Vedomosti” nashri.
Ish beruvchilar o‘z bizneslarini yangi sharoitlarga moslashtirishga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda: 77 foiz respondentlar xodimlarni qayta tayyorlashga sarmoya kiritishga tayyor, 65 foizi esa sunʼiy intellekt bilan ishlash tajribasiga ega mutaxassislarni yollashni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga kompaniyalarning qariyb 40 foizi baʼzi jarayonlarni avtomatlashtirmoqchi, bu esa xodimlar sonining qisqarishiga olib keladi.
Bundan tashqari, ish beruvchilarning 86 foizi sunʼiy intellektning joriy etilishi tufayli, ayniqsa, moliya va elektronika kabi sohalarda mehnat bozori o‘zgarishi yuz beradi, deb hisoblaydi. Energetika va davlat xizmatlari esa, aksincha, texnologiyalarning minimal taʼsirini kutmoqda.
Sunʼiy intellekt bilan ishlay oladigan mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj tez surʼatlar bilan ortib bormoqda. So‘rovnomada ishtirok etganlarning 69 foizi sunʼiy intellekt vositalarini ishlab chiqish uchun isteʼdodli kadrlarni jalb qilish zarurligini taʼkidlasa, 62 foizi bu ko‘nikma ishga olishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishini aytadi. Shu bilan birga, kompaniyalarning 41 foizi sunʼiy intellekt imkoniyatlari kengaygan sari xodimlar sonini kamaytirishni rejalashtirmoqda.
Tahlilchilarning taʼkidlashicha, sunʼiy intellekt hali inson mehnatining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Masalan, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlari nostandart so‘rovlarni qayta ishlash uchun hamon odamlarga muhtoj. Sunʼiy intellekt tizimlari rivojlanish bosqichida bo‘lib, faqat tor ixtisoslashgan sohalarda ishlaydi, odamlarga yordam beradi, ammo ularning o‘rnini bosmaydi. Yaqin 3-4 yil ichida insonni sunʼiy intellekt bilan to‘liq almashtirish sodir bo‘lmaydi. Amaliy neyron tarmoqlari rivojlanishda davom etadi.
Shuningdek, texnologiyalarning rivojlanishi ko‘pchilik mutaxassislardan ustun bo‘lgan modellarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirlar ham mavjud.
Sunʼiy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq kiberxavfsizlik sohasidagi mutaxassislarga bo‘lgan talab eng yuqoriligicha qolmoqda. Shuningdek, Data Science sohasidagi dasturchilar, sanoat muhandislari va boshqa tor doiradagi mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Mehnat bozori ularni hali yetarli miqdorda taqdim etmayotgani sababli kompaniyalar bunday mutaxassislarni mustaqil ravishda tayyorlashga majbur bo‘lmoqda.
Mutaxassislar kadrlar tanqisligi muammosining yechimini ixtisoslashgan taʼlim dasturlari sonini ko‘paytirish, oliy taʼlim muassasalarining biznes bilan hamkorligini kuchaytirishda ko‘rmoqda.