29-avgust kuni “Ikkinchi imkon” ijtimoiy reabilitatsiya milliy loyihasi hamkorlari bilan uch tomonlama hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda “UNICON-SOFT” kompaniyasi bosh direktori Umid Usmanov, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshligʻi, polkovnik Azizxon Umarxonov, Vatan universiteti rektori Muhammaddismoil Mahmudov, “MAAB Innovation” kompaniyasi asoschisi Sherzod Ibragimov, “SZS Trucking” kompaniyasi rahbari Zokirxon Komilxonov ishtirok etishdi.
Taʼkidlash kerakki, muhtaram Yurtboshimizning tashabbuslari asosida boshlab berilgan “Ikkinchi imkon” loyihasi bugungi kunda keng koʻlamli umummilliy harakatga aylanib, jamiyatda oʻrnini topishga intilayotgan yoshlarga katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Jumladan, joriy yilning iyul oyidan boshlab respublikaning 11 ta jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan 300 dan ortiq yosh mahkumlarga zamonaviy raqamli kasblarni oʻrgatish boʻyicha 8–12 oylik intensiv oʻquv kurslari yoʻlga qoʻyildi.
Marosim doirasida loyihani qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir qator nufuzli hamkorlar bilan kelishuvlar imzolandi. Xususan, Vatan universiteti loyihani muvaffaqiyatli tamomlagan iqtidorli va intiluvchan yoshlarni 100 foizlik grant asosida oliy taʼlimga qabul qilish va 4 yil davomida bepul oʻqitishni oʻz zimmasiga oldi. Mazkur tashabbus doirasida har yili jami 15 nafar yoshlar shunday imtiyoz asosida talabalikka qabul qilinadi.
“MAAB Innovation” akademiyasi Microsoft kompaniyasining Oʻzbekistondagi ilk rasmiy hamkori sifatida kompyuter savodxonligi va ingliz tili kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan mahkumlar uchun data-analitika yoʻnalishi boʻyicha maxsus oʻquv dasturlarini joriy etib, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga hissa qoʻshadi.
“SZS Trucking” kompaniyasi esa har yili loyihani tamomlagan yoshlardan 10 nafarini oʻzlarining qisqa oʻquv kurslarida oʻqitib, amaliy koʻnikmalar berish orqali BPO yoʻnalishida ish bilan taʼminlashni maqsad qilgan.
Hamkor tashkilotlar vakillari loyihadagi ishtiroklari davomida qayta tarbiyalanib toʻgʻri yoʻlga qaytgan yoshlarning kelajagini taʼminlash, ularni zamonaviy kasb-hunar va oliy maʼlumot bilan qamrab olishda muhim poydevor boʻlishiga ishonch bildirdilar hamda har bir kompaniya zimmasiga olgan majburiyatlar bayon qilingan memorandumlarni imzolashdi.