Yosh mahkumlarni kasbga o‘rgatadigan "Ikkinchi imkon" loyihasi boshlandi

23.04.2026
231
Yosh mahkumlarni kasbga o‘rgatadigan "Ikkinchi imkon" loyihasi boshlandi

Prezidentimizning 2026-yil 27-martdagi qaroriga asosan, yosh mahkumlarni raqamli va zamonaviy kasblarga o‘rgatishga qaratilgan "Ikkinchi imkon" loyihasiga start berildi. “Unicon Soft” MCHJ tomonidan moliyalashtirilayotgan mazkur loyihaning asosiy maqsadi — yosh mahkumlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish, ozodlikka chiqqanidan so‘ng munosib ish topishiga ko‘maklashish, ularni mustaqil hayotga tayyorlash hamda qayta jinoyat sodir etilishining oldini olishdan iborat.

O‘ylamay bosgan qadami uchun panjara ortiga tushgan, ammo hali butun hayoti oldinda turgan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga jamiyatga munosib qaytish imkoniyatini yaratish — bu inson qadriga va uning isloh bo‘lish salohiyatiga bo‘lgan chuqur ishonch ramzidir. Zero, har bir inson ikkinchi imkoniyatga munosib va bir xato sabab butun umrlik istiqboliga nuqta qo‘yilmasligi kerak. Haqiqiy adolat nafaqat jazolashda, balki insonga munosib hayot kechirishi uchun sharoit yaratib berishda namoyon bo‘ladi.

Loyihaning asosiy yo‘nalishlari va bosqichlari:

  • Zamonaviy bilimlar: Yosh mahkumlarga mehnat bozoridagi eng talabgir raqamli kasblar hamda ingliz, rus va xitoy kabi xorijiy tillar o‘rgatiladi.

  • Intensiv ta’lim: Mashg‘ulotlar 8-12 oylik intensiv dasturlar asosida olib boriladi. Bitiruvchilarga respublika miqyosida tan olinadigan malakaviy sertifikatlar topshiriladi.

  • Davlat-xususiy sherikligi: “Unicon Soft” MCHJ o‘z mablag‘lari hisobidan o‘quv jihozlarini sotib olish, pedagoglar mehnatiga haq to‘lash va o‘quv-uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlashni o‘z zimmasiga olgan. Bu yurtimizda ijtimoiy mas’uliyatli biznes shakllanayotganining muhim namunasidir.

  • Geografiyasi: Loyiha 2026-yil 1-iyundan Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida boshlanadi. 2027-yil martidan esa butun respublika miqyosiga kengaytiriladi.

Ijtimoiy reabilitatsiya va istiqbol

Mazkur qaror faqatgina o‘qitish bilan cheklanmaydi. Sertifikat olgan iqtidorli yoshlarni buyurtmachilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida ishga jalb qilish, ozodlikka chiqqanidan so‘ng bandligini ta’minlash hamda uy-joyga muhtoj yolg‘iz yoshlarning ijtimoiy muammolarini o‘rganib, ularni vaqtinchalik turar joy bilan ta’minlash choralari ko‘riladi. Aynan shunday kompleks yondashuv takroriy jinoyatchilikning oldini olishda eng samarali yechim hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, loyihaning ijtimoiy samarasi beqiyos: oilalarga o‘z farzandlari va jigarlari qaytadi, jamiyat esa yangi, malakali mutaxassislar bilan boyiydi. Bu, o‘z navbatida, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy yakkalanish kabi muammolarni yumshatishga xizmat qiladi.

Tavsiya