Yangi O‘zbekiston IT-kompaniyasi: Shavkat Mirziyoyev “Unicon-Soft” faoliyati bilan tanishdi

17.12.2025
253

Mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasida yaratilgan qulay shart-sharoit va imtiyozlar natijasida davlat boshqaruvini raqamlashtirish, aloqa infratuzilmasini yaxshilash, IT ta’limini rivojlantirish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda milliy dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchilarning ishtiroki izchil kengayib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan. 

Ushbu jarayonga Yunusobod tumanida faoliyat yuritayotgan “Unicon-Soft” kompaniyasi ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Shavkat Mirziyoyev 16-dekabr kuni Yunusobod tumaniga tashrifi doirasida ayti-kompaniya faoliyati bilan ham tanishdi.

2017-yilda tashkil etilgan korxona shu kunga qadar respublika bo‘ylab 70 dan ortiq dasturiy mahsulot va axborot tizimlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etgan. Kompaniyaning barcha hududlar hamda 208 ta tuman (shahar)larda axborot tizimlarini joriy qilish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha filiallari mavjud. Ularda 1,5 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda, shundan 80 foizini yoshlar tashkil etadi.

Ayni paytda “Unicon-Soft” tomonidan raqamlashtirish yo‘nalishida dasturiy va texnik vositalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, bojxona faoliyatini raqamlashtirish, shuningdek, “Raqamli mahalla” platformasini joriy etish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari kompaniyaning ushbu yo‘nalishdagi loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Milliy IT mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, yoshlarning sun’iy intellekt texnologiyalari sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, davlat idoralarida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Tavsiya