Ariza yuborish

“Raqamli mahalla” platformasi taqdimoti 

07.07.2025
209

Shu kunlarda Samarqand viloyati bo‘ylab “Raqamli mahalla” platformasi taqdimoti davom etmoqda. O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev hamda Unicon-Soft kompaniyasi vakillari viloyatning shahar va tumanlaridagi mahalla yettiligi bilan uchrashib, ularga mahalla.ijro.uz, ya’ni “Raqamli mahalla” platformasining imkoniyatlari, qulayliklari haqida atroflicha ma’lumot berishmoqda.

Uchrashuvlar davomida:
🔹 Platformaning mahalla yettiligi faoliyatini yengillashtiruvchi qulayliklari tanishtirilmoqda;
🔹 mahalla raislari va boshqa mas’ullar tomonidan berilgan savollarga asoslantirilgan javoblar qaytarilmoqda;
🔹 platformadan foydalanishda yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklarning amaliy yechimlari ko‘rsatib berilmoqda.

Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov Unicon-Soft kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda shahar hududidagi 215 ta mahalla fuqarolar yig‘inida “Raqamli mahalla” platformasini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha aniq reja-jadval ishlab chiqilishi, Unicon-Soft kompaniyasi bilan hamkorlikda har bir mahallada platforma faol ishlashi va samarali foydalanilishi uchun mahalla raislari hamda “yettilik” a’zolariga maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, platformadan noto‘g‘ri foydalanish holatlarini aniqlash va ma’lumotlarni tahrir qilish yuzasidan Unicon-Soft mutaxassislari bilan hamkorlikda ish olib borilishi, mazkur jarayonni samarali tashkil etish maqsadida Samarqand shahar hokimligi tomonidan qo‘shimcha 10 nafar mutaxassis ajratilishiga kelishib olindi. 

Ta’kidlanishicha, ular uchun “Raqamli mahalla” platformasidan foydalanish bo‘yicha maxsus o‘quv dasturi asosida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Kelgusida ushbu mutaxassislar tizimdan foydalanish holatini nazorat qilish, mahallalarda platformaning keng tatbiq etilishini ta’minlash, hamda fuqarolar orasida raqamli yondashuvni faol targ‘ib qilish ishlarida ishtirok etadi.

Bu kabi uchrashuvlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham davom ettiriladi.

Tavsiya