Telegram‘dan yangilik: pulli xabar va notanish shaxslar haqida maʼlumotlar

08.03.2025
685
Telegram‘dan yangilik: pulli xabar va notanish shaxslar haqida maʼlumotlar

Telegram messenjeri navbatdagi yangiliklarini taqdim etdi. So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra platformada pulli xabarlarga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu orqali kontent mualliflari va taniqli shaxslar maxfiylik ustidan ko‘proq nazoratga ega bo‘lishi va o‘z mashhurligini daromadga aylantirishi mumkin. Bundan tashqari, yangi suhbatlarda endi suhbatdosh haqida ko‘proq maʼlumot ko‘rsatiladi va Telegram Premium obunasini yulduzlar bilan to‘lash imkoniyati yaratildi.

“Men bilan gaplashish pulli”

Notanish odamlardan “zerikkan” Telegram foydalanuvchilari endi kontaktlar ro‘yxatida bo‘lmaganlar uchun xabar yuborishni pulli qilishlari mumkin. Bu orqali ular o‘zlarini bezovta qiluvchi xabarlardan himoya qilishi, shuningdek, notanish kontaktlarga ajratilgan vaqt uchun yulduzlar olishi mumkin.

Yangi funksiya haq to‘lashga tayyor bo‘lgan foydalanuvchidan xabarlarni qabul qilish imkonini beradi. Foydalanuvchi muloqot uchun ochiq qolishiga qaramay, o‘zini ortiqcha xabarlar oqimi va spamdan himoya qila oladi.

Shunga o‘xshash funksiyadan kanallarda izohlar qoldirish uchun ham foydalanish mumkin. Yaʼni “pulini to‘lagan izoh qoldiradi”. Bunday sozlama guruhlarni spamdan himoya qilishga yordam beradi, shuningdek, jamoa aʼzolarini mavzudan chalg‘imaslikka undaydi. Bundan tashqari, guruh egalari uchun yangi funksiya “yulduzchalar”ni daromadga aylantirish va pul ishlashning qo‘shimcha usuli bo‘ladi. To‘g‘ri, foydalanuvchi va ishtirokchilarga bepul izoh yuborish imkoniyatini qoldirish mumkin, barchasi sozlamalar orqali amalga oshiriladi.

Yana bir yangilik - agar sizga kontaktlar ro‘yxatidan tashqari kimdir yozsa, notanish shaxs haqida maʼlumot paydo bo‘ladi. Bunday yondashuv firibgar yoki soxta shaxsni tezda aniqlash yoki aksincha, suhbatdoshning ishonchliligiga ishonch hosil qilish imkonini berishi kutilmoqda. Notanish kontakt haqidagi axborot orqali turli maʼlumotlar, jumladan, uning telefon raqami qaysi mamlakatga tegishli ekani, siz bilan umumiy guruhlar (agar mavjud bo‘lsa), messenjerda ro‘yxatdan o‘tgan sanasi, oxirgi yangilangan foydalanuvchi nomi va profil rasmi, shuningdek, akkaunt holati to‘g‘risida oson bilib olish mumkin.

Shu bilan birga, messenjerda “yulduzchalar” yordamida Premium hisobini to‘lash imkoniyati paydo bo‘ldi. O‘z hisobingizdagi “yulduzchalar”dan foydalanib, o‘zingiz uchun obunani rasmiylashtirishingiz yoki boshqa foydalanuvchisiga sovg‘a qilishingiz mumkin. Bundan tashqari, obuna pulli xabarlar uchun olingan “yulduzchalar” hisobiga muntazam ravishda uzaytirilishi mumkin.

Kiruvchi xabarlar uchun “yulduzcha” olgan Telegram foydalanuvchilari ularni mukofotga almashtirishlari mumkin. “Yulduzchalar”ni chiqarish Fragment platformasida amalga oshiriladi. Foydalanuvchilar mukofotdan reklama sotib olish, TON blokcheynida kolleksion sovg‘alarni xarid qilish va boshqa maqsadlarda foydalanishlari mumkin. Aʼzolari pulli xabarlar yuboradigan guruh egalari guruh profilida yulduzlar balansini ko‘rishi va boshqarishi mumkin.

Yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda, messenjer egalari bir qator boshqa yangiliklarni joriy etdilar. Endi foydalanuvchilar profilga 6 tagacha sovg‘a mahkamlashlari mumkin. Boshqa foydalanuvchilar ularni “Sovg‘alar” sahifasida ham, profil muqovasida ham ko‘ra oladi. Telegramning Android versiyasida videoyozuvlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilovadan Chromecast‘ni qo‘llab-quvvatlaydigan qurilmalarga uzatish imkoniyati paydo bo‘ldi. Telegram Gateway xizmati bilan integratsiya amalga oshirildi, bu kompaniyalarga o‘z mijozlarining raqamlarini oddiy SMS-xabarlarga qaraganda arzonroq narxda messenjer orqali tekshirish imkonini beradi. Xususiyatlardan biri shundaki, ushbu xizmatni bepul sinab ko‘rish mumkin.

Tavsiya