Hammasi 2000-yillarning oxiriga kelib boshlandi yoki yuzaga chiqdi, desak, balki, to‘g‘riroq bo‘lar. Internetda bitkoin haqida yozilgan hujjatga duch kelgan norvegiyalik Kristofer Kox ismli talaba raqamli valyutaga qiziqib qolib, 2009 yilda 5000 coin (bitkoin tangasi)ni 25 AQSH dollariga sotib oladi. Voqea shu bilan unutilishi mumkin edi, ammo 4 yildan so‘ng yangiliklarda bitkoin narxi ming foizga oshganini ko‘rub Kristofer o‘zining 25 dollari 800 ming dollarga aylanganini tushundi. Xuddi shu paytda, Kristoferdan minglab kilometr uzoqda, Jeyms Xauells ismli boshqa bir kishi o‘zining eski vinschesterida bir necha yil oldin “qazib olgan” 7500 bitkoin borligini esladi. Lekin uyni tozalash paytida uni tashlab yuborgan edi. Ha, o‘sha paytdagi uning ahvolini tushunish qiyin emas. Bugungi kunda bu disk hamon shahar chiqindixonasida yotibdi va undagi bitkoinlar bir necha yuz million dollar qiymatiga ega, kattagina bir shaharning yillik byudjeti desa ham bo‘ladi (masalan, Toshkent shahrining 2024 yilga tasdiqlangan xarajatlari taxminan 630 million AQSH dollari atrofida). Bunday voqealar o‘n minglab. Ularning baʼzilarida kechagi talabalar kutilmaganda millionerlarga aylanishsa, boshqalari oson pul ketidan quvib, bir hafta ichida barcha jamg‘armalarini yo‘qotishadi. Nihoyat, uchinchilari parollarini unutib qo‘yib, o‘z boyliklarini sarflay olmaydi.
Ammo kriptovalyutalar aslida nima o‘zi? Bu qandaydir ulkan moliyaviy pufakmi yoki yaqin istiqboldagi asosiy moliyaviy instrument? Nega baʼzi davlatlar kriptovalyutalarni sotib olayotgan bir vaqtda, boshqalari ularni tan olmaydi, lekin o‘z raqamli pullarini yaratishga urinadi?
Yuqoridagilarni birgalikda tushunishga harakat qilamiz.
2008 yilda Satoshi Nakamoto taxallusli anonim shaxs tomonidan “Bitkoin: raqamli piring naqd pul tizimi” deb nomlangan hujjat internetga joylashtirildi. Tizim mohiyati quyidagicha: aytaylik, bir kishi boshqasiga 10 tanga (coin) o‘tkazadi, vaqt o‘tgach, u kishi unga 5 tanga qaytaradi. Jami ikkita operatsiya bor. Hech kim bu ro‘yxatni o‘zgartira olmasligi va keyin, masalan, hech qanday pul olmaganini aytolmasligi uchun, bu ro‘yxat qandaydir bir joyda emas, balki bir vaqtning o‘zida barcha ishtirokchilarda saqlanadi. Bundan tashqari, vaqt o‘tib ular yana bir bitim tuzmoqchi bo‘lsa, eski yozuvlar blokka shifrlanadi. Bu blokka xesh deb ataladigan uzun kod beriladi. Endi yangi bitimlar oldingi blokning xeshini o‘z ichiga olgan yangi blokka yoziladi. Bu blokdagi bitimlar ham tugagach, u ham shifrlanadi va shunday qilib, operatsiyalar ro‘yxati bloklar zanjiriga – blokcheynga tushadi. Xo‘sh, buning nimasi inqilobiy? Gap shundaki, agar bloklardan birida yozuvni soxtalashtirishga urinilsa, butun zanjir buziladi, chunki har bir blokning xeshi nafaqat operatsiyalar to‘plamini aks ettiradi, balki boshqa bloklarning xeshlari bilan ham bog‘langan. Bu qalbakilikni tizimning boshqa ishtirokchilari darhol payqaydi, chunki ular blokcheyn haqidagi barcha yozuvlarni o‘zlarida saqlaydi. Bunday ishtirokchilar, blokdagi bitimlar singari, minglab bo‘lishi mumkin, shuning uchun tizimning barcha ishtirokchilarida blokcheyn haqidagi maʼlumotlarni buzib ko‘rsatish deyarli imkonsiz. Demak, blokcheyn – bu barcha bitimlar saqlanadigan buxgalteriya kitobi, lekin bu kitob bankda emas, balki blokcheynning barcha ishtirokchilarida saqlanadi.
Xo‘sh, blokcheyn bilan kriptovalyuta o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor? Aslida, yangi blok yaratish uchun uning xeshini topish kerak. Xeshning esa faqat 64 ta belgidan iboratligi maʼlum, xolos. Uni topish uchun tarmoq ishtirokchilari ko‘plab variantlarni sinab ko‘rishlari, yaʼni hisoblashlarni amalga oshirishlari lozim. Aynan shu bitkoin “qazib olish” – mayningning mohiyatidir, yangi blokni izlayotgan tizim ishtirokchilari esa maynerlar deb ataladi. Mayner yangi blok uchun to‘g‘ri xeshni topgach, uni boshqa ishtirokchilar bilan ulashadi. Ular xesh va blokdagi barcha operatsiyalarning to‘g‘riligini tekshiradi va agar hammasi to‘g‘ri bo‘lsa, blokcheynning o‘zlaridagi versiyasiga yangi blokni qo‘shadi, mayner esa raqamli valyuta ko‘rinishidagi mukofot – bitkoinni oladi. Satoshi Nakamoto bu hujjatni o‘sha paytda kriptografiyani chuqur o‘rganayotgan barchaga elektron pochta orqali yuboradi. 2009 yil 3 yanvarda esa u bitkoin blokcheynidagi birinchi blokni yaratdi. Bu blokda hech qanday bitim yo‘q, unda faqat bitta jumla yozilgandi: “G‘aznachilik kansleri (AQSH Moliya vaziri nazarda tutilmoqda) banklarni ikkinchi bor qutqarish arafasida”. Bu jumla o‘sha kuni Britaniyaning “Times” gazetasining sarlavhasi bo‘lib, dunyo chuqur moliyaviy inqiroz holatida ekanligini anglatardi. 12 yanvar kuni Satoshi birinchi tranzaksiyani amalga oshirdi – 170-blokda u dasturchi Xall Finnga 10 bitkoin yubordi. Vaqt o‘tishi bilan bitkoin veb-saytiga odamlarning tashrifi ko‘paydi va tabiiy, maynerlar soni ham ortib bordi. Hozir buni tasavvur qilish qiyin, ammo dastlabki paytlarda bitkoin bir sentdan ham kam turardi, shunda ham pul sifatida emas, balki tizimni sinovdan o‘tkazish uchun nomaʼlum texnologiya sifatida ishlatilgan. Biroq asta-sekin bu texnologiya tobora mashhur bo‘lib bordi. Hatto 2010 yilda bitkoinga bag‘ishlangan forumda amerikalik dasturchi “tarixiy” xabar qoldirdi – u o‘zi uchun ikkita pissa buyurtirgan odamga 10 ming bitkoin yetkazib berishga vaʼda berdi. 4 kundan so‘ng forumda yangi xabar paydo bo‘ldi: “Bir dasturchi “Papa Jons”dan 10 ming bitkoinga ikkita pissa sotib oldi”. O‘sha paytdagi kurs bo‘yicha bu pissalar taxminan 40 dollar turardi. Kim bilardi, ularning har biri tez orada yuz million dollardan ham qimmatroq bo‘lishini?
Nima sababdan bu murakkab va nomaʼlum texnologiya odamlar ongini shiddat bilan qamrab ola boshladi? Bitkoin nima bilan taʼminlangan, odamlar uni sotib olish va sotishga nima uchun qaror qilishdi, uning qiymati nega tobora o‘sib bormoqda?
Boshqa pul birliklari va umuman, anʼanaviy valyutalardan farqli o‘laroq bitkoin faqat sizga tegishli va uni o‘tkazish uchun biror davlatning ruxsati hamda bank yoki boshqa vositachi kerak emas. Bilishingiz kerak bo‘lgan yagona narsa – bu oluvchi hamyonning manzili. Siz hamyoningiz kalitini firibgarlarga o‘zingiz aytib bersangizgina pulingizni yo‘qotishingiz mumkin. Nihoyat, bitkoin yaratuvchilari tomonidan faqat 21 million tanga “qazib olish” qoidasi o‘rnatilgan. Bundan tashqari, har 210 ming blokda yangi blok xeshini topish uchun beriladigan mukofot ikki baravar kamayadi. Bu shuni anglatadiki, agar 2009 yilda blok qo‘shgani uchun mayner 50 bitkoin olgan bo‘lsa, bugun atigi uchtadan sal ko‘proq tanga oladi. Shunga qaramay, maynerlar soni tobora ortib bormoqda va ilgari bitkoinni uy sharoitida ishlab topish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu bilan minglab kvadrat metrli ulkan fermalar shug‘ullanmoqda. Bu raqobat bitkoin qazib olish tezligiga deyarli taʼsir ko‘rsatmaydi. Ammo shu mexanizm tufayli bitkoin, yildan-yilga ko‘payib borayotgan fiat pullardan farqli o‘laroq, qadrsizlanmaydi. Shuning uchun ham uni raqamli oltin deb atashadi. Shunday ekan, agar har qanday pul faqat ayirboshlash vositasi bo‘lsa, birinchi qarashda uni qazib olish uchun sarflangan energiyadan boshqa hech narsaga asoslanmagan (va aslida bu energiya ham ishlatilib bo‘lingan) bitkoinning tobora ommalashib borayotgani ajablanarli emas. Odamlar yangi texnologiya nihoyat ularga o‘z pullarini to‘liq nazorat qilish imkonini berishiga ishonardi. Qancha ko‘p odam bitkoin qazisa, unga shuncha ko‘proq ishonch bildirilardi. Biroq, bitkoinning o‘tkazuvchanlik qobiliyati juda past. Bu soniyasiga atigi 7 ta tranzaksiya, yaʼni xuddi shu vaqt ichida 24 mingta tranzaksiyani amalga oshirayotgan Visa oldida umuman natija hisoblanmaydi. Bitkoinning bunday sekin ishlashi uning barqaror faoliyati uchun zarur, lekin aynan shu xususiyat uni ommaviy qo‘llashga to‘sqinlik qiladi.
Blokcheyn texnologiyasi tushunarli va ommabop bo‘lgach, minglab dasturchilar bitkoinni qanday tezlashtirish haqida bosh qotira boshladi va 2011 yilda Google‘ning sobiq xodimi bitkoindan 8 baravar tezroq ishlaydigan, osonroq qazib olinadigan va operatsiyalari arzonroq bo‘lgan kriptovalyuta yaratdi. Agar bitkoin raqamli oltin bo‘lsa, yangi Litecoin kumushning raqamli muqobiliga aylandi. Biroq laytkoin bitkoinning yagona muqobili emas edi. Masalan, 2012 yilda Ripple kriptovalyutasi paydo bo‘ldi. Anʼanaviy SWIFT bank o‘tkazmalari tizimidan farqli o‘laroq, Ripple mijozlarning pullarini bir necha kunda emas, balki bir necha soniya ichida va deyarli bepul o‘tkazish imkonini beradi. 2012 yildan keyin turli tangalar va loyihalar soni tobora ko‘payib bordi. 2015 yilda “aqlli shartnomalar”ni taklif qiluvchi Ethereum loyihasi ishga tushirildi. Aytaylik, siz kvartira sotib olmoqchisiz. O‘zingizni himoya qilish uchun bankka borib, pul qo‘yadigan va sotuvchi oldi-sotdi shartnomasini imzolagandan keyingina oladigan akkreditiv ochasiz. Hech kim bir-birini aldamasligi uchun bank bitimni nazorat qiladi va tabiiy, buning uchun vositachilik haqi oladi. Ethereum‘ning aqlli shartnomasi esa bankni bitimdan chetlashtiradi. Tizim shartnoma shartlarini o‘zi tekshiradi va ular bajarilganda pulni bir hamyondan ikkinchisiga o‘tkazadi. Ethereum‘ning g‘oyasi oddiy, ammo dohiyona edi. Shu bois, Ethereum deb nomlangan o‘z tangasini chiqarish bosqichidayoq kompaniya 18 million dollardan ortiq mablag‘ jalb qildi va ular taklif etayotgan coin narxi ishga tushirilganidan buyon 10 ming foizga o‘sdi. Aqlli shartnomalar paydo bo‘lishi bilan markazlashmagan moliya bozori shakllandi. Odamlar bir kriptovalyutani boshqasiga anonim ayirboshlash, kriptovalyutada kredit olish yoki uni depozitga qo‘yish mumkin bo‘lgan platformalarni yaratishni boshladi. Banklar va boshqa vositachilarsiz, shunchaki blokcheynda. Umuman olganda, bitkoin nima uchun o‘ylab topilgan bo‘lsa, aslida Ethereum tufayli amalga oshdi. Bundan tashqari, efirium tufayli o‘z kriptotangalarini yaratish osonlashdi, chunki endi o‘z blokcheyningizni o‘ylab topish shart emas edi. Soddaroq qilib aytganda, efirium kriptodunyoda dasturlash tiliga aylandi. O‘z tangalarini yaratish ancha osonlashgani sababli, bu bilan hamma shug‘ullana boshladi. 2017 yilda Ethereum chiqarilganidan so‘ng, ICO (Initial coin offering, “tangalar(ni joylashtirish) bo‘yicha dastlabki taklif”) avj olganini ko‘rish mumkin. Endi har qanday startap davlat tomonidan alohida nazoratsiz kapital jalb qilishi mumkin edi. Kriptosanoat 90 yillar oxiridagi Internetni eslatardi: o‘shanda hamma kelajak internet kompaniyalariniki ekanini tushunardi va ular qo‘ziqorindek o‘sib borardi. ICO g‘oyasi quyidagicha: loyiha o‘ylab topiladi, uning tangasi chiqariladi va sarmoyadorlarga bu tanga narxi 1000 foizga oshishini vaʼda qilinadi hamda tangalarni sotib, ulardan pul yig‘iladi. Tushunarli, lekin keyinroq tangalarni qanday va qayerda samarali sarflash yoki sotish mumkin? Va tamom, shu vaqtdan boshlab bari tamom bo‘ladi. Loyiha veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini topa olmaysiz, tanganing qiymati esa “bir tiyin”ga tushib qoladi. Albatta, barcha ICO‘lar ham aldov emas. Ammo ehtiyot bo‘lgan yaxshi. Ko‘pincha kriptovalyutalar bilan bog‘liq loyihalar insonning ochko‘zligidan foydalanishga qaratilgan puch narsalar bo‘lib chiqishi mumkin.
Bu hammasi emas. Internetdagi rasmlarni o‘n minglab dollarga sotib olish haqida nima deysiz? 2021 yil 16 fevralda Christie‘s auksion uyi amerikalik rassom Mayk Vinkelmanning Bipl taxallusi ostidagi asarini 69 million dollarga sotdi. Asar “Har kuni: dastlabki besh ming kun” (“Everydays: the First 5000 Days”) deb nomlangan edi. Aslida, bu rassom deyarli 14 yil davomida har kuni chizgan besh mingta rasm edi. Xo‘sh, nima bo‘pti? Axir Kristis bundan ham qimmatroq sanʼat asarlarini sotgan-ku. Masalan, 2017 yil noyabrda Leonardo da Vinchining “Dunyoning xaloskori” asari 450 million dollarga yoki 2008 yil mayda Frensis Bekonning “Triptix-1976” asari 86 million dollarga sotilgan edi. Ammo Biplning asari jismoniy shaklda mavjud emas, uning raqamli versiyasi bor edi, xolos. Xo‘sh, unda nima sotildi? NFT (non-fungible token), yaʼni blokcheyndagi takrorlanmas token sotildi. U qaysidir aktivning kimga tegishli ekanligini tasdiqlovchi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Agar millionlab efirium va bitkoinlarning har biri bir xil qiymatga ega bo‘lsa, NFT‘ni sanʼat asari bilan taqqoslash mumkin. Masalan, mashhur Mona Liza da Vinchi Luvrda saqlanadi. Ha, siz bu asarning mukammal nusxalarini yaratishingiz mumkin, lekin Mona Lizani ko‘rish huquqi uchun faqat Luvr kassasida haq to‘lanadi. Mana, NFT sizning asl nusxaga egaligingizni tasdiqlaydi. Har kim blokcheynni tekshirib, buning haqiqat ekanligiga ishonch hosil qilishi mumkin. Baribir g‘alati tuyuladi, shunday emasmi? Ehtimol. Ammo Bipl asari sotilgandan so‘ng chinakam “NFT-bum” boshlandi. Ko‘pincha bu juda zo‘r, mohirona chizilgan rasmlarni emas, balki memlarni sotib olish edi. Internetdagi qandaydir rasmlar o‘n minglab dollar turishi haqida xabarlar qanchalik ko‘p tarqalsa, ularni sotib olib, keyinchalik yana-da qimmatroq sotishga tayyor bo‘lgan odamlar ham shunchalik ko‘paydi. NFT‘larni targ‘ib qilishga mashhurlar ham jalb qilindi. Oqibatda Jastin Biber, Peris Xilton, Post Malon va boshqa taniqli shaxslar reklama qilgan “Zerikkan maymunlar”ni tasvirlovchi 10 mingta raqamli surat noyob NFT to‘plamiga aylandi. Xullas, ulkan pufak hosil bo‘ldi: giflar, mobil o‘yin qahramonlari, tasodifiy rasmlar – bularning barchasi o‘n minglab dollarga sotib olindi va sotildi. Ajiotaj 17-asrda Niderlandiyada ro‘y bergan “lolaparastlik”ni eslatardi, faqat gullar o‘rniga istalgan odam nusxa ko‘chirishi mumkin bo‘lgan raqamli rasmlar bor edi. Bu pufak xuddi tez shishgani kabi tezlik bilan so‘ndi. Savdolar hajmi 97 foizga kamaydi va ko‘plab NFT‘lar butunlay qadrsizlandi. Maʼlum bo‘lishicha, NFT sotib olishni maslahat berganlarning aksariyati o‘z mahsulotlarini shov-shuv to‘lqinida iloji boricha qimmatroq sotish uchun targ‘ib qilgan ekan. Hatto Bipldan uning asarini 69 million dollarga sotib olgan odamlar ham buni 2021 yil martdan keyin deyarli qadrsizlanib ketgan o‘z tangalariga eʼtiborni jalb qilish uchun qilishgan ekan. Biroq bu ICO va NFT‘larning barchasi bozorning haqiqiy “nahanglari” oldida oddiy “baliqchalar”dir.
2010 yilda ilgari hech kuzatilmagan ikkita tashkilot paydo bo‘ldi. Ular foydalanuvchilar kriptovalyuta bilan savdo qilishi mumkin bo‘lgan platformalarni yaratdi. Bugungi kunda bunday platformalar soni 40 tadan oshib ketdi. Ha, kriptobirjalar payjo bo‘lgan edi. Bu esa kriptovalyutalar bilan ishlashni sezilarli darajada soddalashtirdi. Albatta, endi pulni doimiy ravishda shaxsiy hamyonga yuborib turishning hojati yo‘q edi. Ammo kriptovalyuta mustaqillik va anonimlik haqida bo‘lsa, kriptovalyuta birjasi esa shaxsiy maʼlumotlaringizni to‘playdigan va hisobingizda pullaringizni saqlaydigan markazlashtirilgan tuzilmadir. Mana, masalan, FTX – sayyoradagi eng yirik birjalardan biri. U tezda investorlarni jalb qildi, chunki u har qanday kriptovositalar bilan savdo qilishga imkon berdi va barcha nazorat organlari bilan faol hamkorlik qildi. Ammo 2022 yilning o‘rtalarida OAVda bu kriptobirja o‘z zaxiralarining katta qismini o‘zi chiqaradigan FTX tokenlarida saqlashi va birja rahbari Sem Benkman Fridning mijozlar pullaridan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi haqida mish-mishlar tarqaldi. Odamlar birjadan pulni ommaviy ravishda yecha boshlaganda, u bunga javoban ularning mablag‘larini muzlatib qo‘ydi. Natijada birja mijozlari ham, token egalari ham pullarini yo‘qotdi. Taxminan 10 milliard dollar atrofida. Va bu yirik kriptobirjaning qulashining yagona misoli emas. Nega bunday bo‘ladi? Chunki bu birjalar nafaqat bitimlardan foiz oladi, balki o‘z mijozlarining pullaridan ham foydalanadi. Kriptodunyoning yangi sanoat ekanligi sababli, bu yerda qatʼiy tartibga solish yo‘q. Birjada juda katta mablag‘ to‘planganida, undan shaxsiy maqsadlar uchun foydalanish vasvasasi paydo bo‘ladi.
Xo‘sh, unda blokcheynning dunyoni o‘zgartiradigan ajoyib texnologiya ekanligi qayerda qoldi? Kriptosanoatning aksariyat qismi firibgarlik bo‘lib chiqyaptimi? Yo‘q. Quyidagilardan o‘zingiz xulosa qilishingiz mumkin.
2001 yil. Salvador davlati o‘z pul birligidan voz kechib, AQSH dollarini valyuta sifatida qabul qilmoqda. Nima sababdan? Rasman – ko‘proq investitsiya jalb qilish va iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun. Mamlakatdagi odamlarning aksariyati mahalliy kolonlar (Salvador milliy valyutasi)dan emas, aynan dollardan foydalanardi. Va 2004 yildan kolon muomaladan chiqarildi. Mamlakat keyingi 20 yil davomida shunday yashaydi, toki Salvador prezidenti ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatning rasmiy valyutasi bitkoin bo‘lishi haqida xabar tarqatmaguncha. Nima uchun? Maqsad o‘sha-o‘sha – investitsiya va texnologiyalarni jalb etish. Biroq yana bir sabab bor-ki, bu boshqa davlatlarni ham doim o‘ylantirib turadi, masalan BRICS aʼzolarini – dollar AQSH hukumati nazorati ostida, bitkoin-chi? Hozircha uni hech kim nazorat qilmaydigan ko‘rinadi. Salvador hukumatining fikricha, bu qadam AQSHga iqtisodiy qaram bo‘lishni kamaytiradi va mamlakatga o‘z monetar siyosati ustidan ko‘proq nazorat imkonini beradi. Ammo aynan shu sababga ko‘ra, aksariyat davlatlar kriptovalyutalarni rasmiy pul sifatida tan olmaydi. Davlatning mavjudligi asosi – jamiyat ustidan nazorat bo‘lib, bunga ko‘p jihatdan pul ustidan hukmronlik orqali erishiladi. Usiz davlat hatto soliqlarni yig‘a olmaydi. Hatto alohida kriptotangani hech kim rasman nazorat qilmasligini va u protokolga muvofiq emissiya qilinishini tasavvur qilsak ham, amalda hammasi bu qadar oddiy emas. Masalan, barcha bitkoinlarning 67 foizi hamyonlarning atigi yarmi foizida saqlanadi. Agar bozorning yirik o‘yinchilari o‘z tangalarini sotishni istasa, nima bo‘ladi? Butun tizim qulaydi. To‘g‘ri, bu tangalarning katta qismini xususiy investorlarning pullarini saqlaydigan kriptobirjalar ushlab turadi, lekin nima uchun odamlar kriptobirjalarga ishonishlari keragu, davlatlarga ishonmasliklari kerak? Ayniqsa, kriptovalyutalarning xilma-xilligi va ularning miqyosi cheklanganligi ularni bir vaqtning o‘zida yuz millionlab odamlar uchun yagona to‘lov vositasi sifatida ishlatishga imkon bermaydi. Ular qiymatining o‘zgaruvchanligi (volatilligi) tufayli kriptovalyutalarda uzoq muddatli loyihalarni rejalashtirish imkonsiz. Shu sababli bugungi kunda aksariyat davlatlar kriptovalyutalarni rasmiy pul sifatida tan olmaydi, balki ularni investitsion aktiv deb hisoblaydi.
To‘g‘ri, u mavjud bo‘lish huquqiga ega va hisob-kitob vositasi sifatida ishlatilishi mumkin. Ammo bir narsani hisobga olish kerak, kriptovalyuta hozircha hech narsa bilan taʼminlanmagan.
Qiziq, ikki alohida olam yuzaga kelmoqda. Biri – o‘zi to‘liq nazorat qila oladigan o‘z puli bilan davlat. Ikkinchisi esa – texnologiyalar va tizim ishtirokchilari o‘rtasidagi kelishuvlar asosida ishlaydigan xususiy pullar. Bugungi hukumatlarga oson emas. Ular kriptovalyutalarni taqiqlamaydi, chunki blokcheyn texnologiyasining istiqbolini ko‘radi, biroq ularni pul sifatida tan ololmaydi, chunki bu davlat mavjudligiga tahdid soladi. Buning o‘rniga mamlakatlar blokcheyn asosida o‘zlarining milliy kriptovalyutalarini – markaziy banklarning raqamli valyutalarini ishlab chiqmoqda. Bu valyuta bilan pullarni o‘g‘irlash yoki “yuvish” qiyinroq bo‘ladi, chunki ularning yo‘lini bosqichma-bosqich kuzatish mumkin. “Aqlli shartnomalar” tufayli bunday pullarni faqat ko‘rsatilgan kontragentga o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Fuqarolar uchun bir tomondan qulaylik ko‘proq, ikkinchi tomondan nazorat kuchliroq bo‘ladi. Natijada, kriptovalyutalarni sevib qolishga sabab bo‘lgan “markazsizlashtirish” davlat tomonidan tartibga solish vositasiga aylanadi.
Nima bo‘lganda ham bir narsa aniq: bugun moliya tarixida keskin burilish yuz beryapti va qachonlardir keng quloch yozgan Internet kabi kun kelib raqamli pullar hayotimizning bir qismiga aylanganini sezmay qolamiz.
“Простая экономика” materialidan