“Dasturchilar endi kerak emas”. Bo‘sh ish o‘rinlari deyarli yo‘q, yosh mutaxassislar esa umuman eʼtiborsiz qolmoqda – faqat G‘arbda

02.12.2024
696
“Dasturchilar endi kerak emas”. Bo‘sh ish o‘rinlari deyarli yo‘q, yosh mutaxassislar esa umuman eʼtiborsiz qolmoqda – faqat G‘arbda

AQSHda dasturchilar uchun bo‘sh ish o‘rinlari soni bir yarim barobardan ko‘proqqa qisqardi. Bu holat, ayniqsa, ish tajribasi minimal yoki umuman yo‘q bo‘lgan boshlang‘ich dasturchilarga ko‘proq taʼsir ko‘rsatdi, deyiladi CNews xabarida. Neyron tarmoqlar kod yaratishni “o‘rganib olgan” bir davrda, kompaniyalar yosh dasturchilarni ishga olishni unchalik ham istamayapti. Rossiyada esa vaziyat butunlay boshqacha – AT-mutaxassislar, xususan dasturchilar, shu qadar yetishmaydiki, ularni Afrika mamlakatlaridan “chaqirishga” to‘g‘ri kelmoqda.

Haqiqiy dasturchi o‘rniga virtual dasturchi

AQSHda so‘nggi besh yil ichida dasturchilar uchun ochiq bo‘sh ish o‘rinlari soni keskin kamaydi. The New York Times‘ning Amerika CompTIA AT-assotsiatsiyasi statistik maʼlumotlariga tayanib yozishicha, hisobot davrida vakansiyalar 57% ga kamaygan.

To‘g‘ri, bunday taqqoslashni obyektiv deyish qiyin, chunki joriy maʼlumotlar koronavirus pandemiyasi qamrab olgan davr bilan solishtirilmoqda. O‘shanda mavjud xizmatlar va dasturiy taʼminotni odamlarning masofadan ishlash va shunga o‘xshash turmush tarziga ommaviy o‘tishiga tayyorlash uchun bir vaqtning o‘zida juda ko‘p ishlab dasturchilar kerak bo‘lgan edi. Ammo shunda ham mutaxassislar dasturchilarga bo‘lgan talabning pasayishini COVID-19 pandemiyasi o‘tib ketgani bilan bog‘lashmayapti.

Tadqiqot mualliflarining fikricha, barchasiga sunʼiy intellekt sababchi. Oxirgi uch yarim yil ichida dunyodagi eng mashhur dasturchi yordamchisi – Copilot paydo bo‘lganidan beri u va unga o‘xshash xizmatlar sezilarli darajada takomillashdi.

Tajribasiz ish yo‘q, ishsiz tajriba ...

CompTIA tahlilchilari eʼtibor qaratgan yana bir fakt - bu nomzodga qo‘yiladigan talablar orasida sezilarli ish tajribasi bo‘lmagan bo‘sh ish o‘rinlari sonining tez surʼatlar bilan qisqarishi. Boshqacha aytganda, boshlang‘ich mutaxassislar, yaʼni yosh dasturchilarga ish takliflari so‘nggi besh yil ichida 67 foizga kamaydi.

Hozir dasturchi bo‘lish uchun eng qulay payt emas

The New York Times maʼlumotlariga ko‘ra, dasturlash kurslari bitiruvchilari uchun ham ish topish tobora qiyinlashmoqda. Nashr misol tariqasida Bostondagi (AQSH) Launch Academy bootcamp‘ni keltiradi - uning bitiruvchilari ish bilan taʼminlanganlik foizi 90% dan 60% gacha tushib ketdi.

Aftidan, bu bootcamp‘ning obro‘siga putur yetkazgan ko‘rinadi. U faoliyati nomaʼlum muddatga to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Yozish emas, yaratish

“Menlo Ventures” venchur kompaniyasi hamkorlarining fikriga ko‘ra, hozirgi vaqt axborot texnologiyalari sohasida karyera boshlash uchun so‘nggi 25 yildagi eng noqulay paytdir. Nashr tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan barcha ekspertlar hammasiga sunʼiy intellekt aybdor degan fikrda.

Besh yil oldin, 2020 yilda bootcamp bitiruvchilari AT kurslaridan keyin deyarli qiyinchiliksiz ish topa olganliklarini aytishgan bo‘lsa (CourseReport maʼlumotlari, respondentlar soni – 3000 nafar), endi kompaniyalar “jonli” dasturchiga qaraganda Copilot, ChatGPT va shunga o‘xshash xizmatlarni ko‘proq afzal ko‘rishmoqda.

Dasturchilarni sunʼiy intellektga almashtirish ishlab chiquvchilarning maoshiga ham taʼsir ko‘rsatdi. Agar 2020 yilda ish haqining o‘rtacha o‘sishi yillik 56 foizni tashkil etgan bo‘lsa, endi esa bunday raqamlar to‘g‘risida gap yo‘q.

Uch yil oldin, 2022 yilda DeepMind deb nomlangan Google SI bo‘limi o‘zining AlphaCode neyron tarmog‘ini kodlash musobaqasida sinovdan o‘tkazganini eʼlon qilgan edi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, SI agenti “bir necha oy yoki bir yil o‘qigan yangi dasturchilardan” (a novice programmer with a few months to a year of training) hech ham kam emas edi.

Dushman yoki do‘st?

Dasturchilar muloqot qiladigan, bir-biriga yordam beradigan va o‘z darajasini oshiradigan dunyodagi eng ommabop veb-resurs - StackOverflow portali 2024 yilda o‘z foydalanuvchilari o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. U dasturchilar kod yozish uchun sunʼiy intellekt vositalaridan foydalanishi haqida so‘radi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 60 foizi (jami 65 ming kishi ishtirok etgan) virtual assistentlar yordamiga murojaat qilgan. CNews yozishicha, bunday yordamchilarga haddan tashqari qiziqish dasturchining o‘z bilimi darajasi va sifatining pasayishiga olib keladi.

Hali imkoniyat bor

Tan olish kerak, bugun generativ neyron tarmoqlar jonli dasturchining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Ha, baʼzi hollarda ular dasturchidan ko‘proq narsani bilishi mumkin, lekin shunday bo‘lsa-da, aynan insonga xos bo‘lgan bir qator xususiyatlarni hali o‘zlashtirmagan.

Dasturchi, hatto bu sohada ilk qadamlarini tashlayotgan bo‘lsa ham, kod qanday vazifalarni bajarishi kerakligini yaxshi tushunadi, yaʼni pirovard maqsaddi anglaydi. Bu, jumladan, keyinchalik kodni sozlash va optimallashtirishda yordam beradi.

Sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan kodga kelsak, u ko‘pincha mukammallikdan yiroq va buning ustiga, juda ko‘p xatolarni o‘z ichiga olishi mumkinki, ularni tuzatgandan ko‘ra noldan yozish samaraliroq. Neyron tarmoqlar yordamiga suyangan “junior”larga oson emas, kod ichiga “yashiringan” xatoni tezda topish uchun malaka va tajriba talab qilinadi. Muammoning yana bir tarafi, sunʼiy intellektning xatolari tufayli yosh dasturchilar masalaga noto‘g‘ri yondashib qo‘yishlari mumkin, demak nafaqat yomon yordamchi, balki yomon ustozga ham aylanib qoladi.

Tavsiya