Zamonaviy texnologiyalar, ayniqsa, smartfonlar haqida gap ketganda, maxfiylikning tasodifiy buzilishi isteʼmolchilarning asosiy muammolaridan biri hisoblanadi va aynan shu narsa baʼzi iPhone‘larda sodir bo‘layotganga o‘xshaydi. Reddit hamjamiyatining ikki aʼzosi o‘z smartfonlari orqali boshqa iPhone egalarining suhbatlarini tinglayotganlari xabarini bermoqda. Hozircha hech kim buning sababini aniq ayta olmayapti.
Reddit foydalanuvchilaridan biri o‘zining iPhone 16 telefoni orqali notanish erkak ovozini eshitgan. Va ovoz egasining mashina haydash asnosida kim bilandir telefonda gaplashayotganini tushungan. Hayron qolgan foydalanuvchi iPhone‘ini tekshirib, o‘sha paytda unda hech qanday ilova ishga tushirilmaganiga ishonch hosil qildi. Notanish erkakning suhbati bir muddat davom etdi va oxir-oqibat u avtohalokatga uchragani maʼlum bo‘ldi. Shundan so‘ng hech narsa sodir bo‘lmadi, biroq ikki kundan keyin muammo takrorlandi va foydalanuvchi iPhone orqali kimdir telefonda gaplashayotib so‘kinayotganini eshitgan.
Boshqa bir iPhone foydalanuvchisi ham muammoni shunga o‘xshash tarzda tasvirladi, ammo uning holatida eshitilgan suhbatlar oddiyroq edi. Uning smartfoni qandaydir erkakning hamkasblari bilan telefonda gaplashganini “olib bergan”. Bu foydalanuvchi ham smartfonini fonda ishga tushirilgan ilovalarga tekshirgan, ammo hech qanday ilova topmagani uni hayratda qoldirgan.
Hozircha ayrim iPhone‘larning bunday xatti-harakatiga nima sabab bo‘lgani nomaʼlum. Ehtimol, bu holat maxfiylikning buzilishiga olib keladigan xato bilan bog‘liq va Apple bu haqda xabardor. Agar ushbu muammoga duch kelgan foydalanuvchilar soni ko‘paysa, ishlab chiqaruvchining rasmiy bayonoti eʼlon qilinishi mumkin.
Ayrim Reddit foydalanuvchilari holatni gallyutsinatsiyalarga olib kelishi mumkin bo‘lgan is gazidan zaharlanish bilan bog‘lashmoqda. Biroq muammoning ehtimoliy manbai iOS 18 dagi xato bo‘lishi mumkin. Apple bu yil o‘z qurilmalarida bir nechta muvaffaqiyatsiz dasturiy yangilanishlarni amalga oshirgan va iOS 18 ham bu ro‘yxatga qo‘shilgan bo‘lishi mumkin. Baʼzi foydalanuvchilarning fikriga ko‘ra, iPhone YouTube yoki boshqa bir ilovaning ishga tushganini ko‘rsatmasdan fon rejimida ovozni shunchaki ijro etmoqda.