Dell asoschisi Maykl Sol Dell (Michael Saul Dell) 2020 yillarga kelib ham kompaniyaning asosiy egasi, direktorlar kengashi raisi va bosh direktori lavozimlarini egallab kelmoqda.
Faoliyatining ilk davrlarida, aniqrog‘i birinchi yigirma yil davomida kompaniya butun eʼtiborini shaxsiy kompyuterlar va noutbuklarni ishlab chiqarish hamda sotishga qaratgan, 90-yillardan boshlab esa serverlar sohasiga kirib kela boshladi.
1992 yilga kelib 500 ta eng yirik kompaniyalar ro‘yxatiga kirdi. 2013 yilda Maykl Dell kompaniyaning barcha aksiyalarini sotib olib, uni xususiy mulkka aylantirdi. 2015 yilda maʼlumotlarni saqlash tizimlarini ishlab chiqaruvchi EMC korporatsiyasining qo‘shib olinishi bilan ikkita yirik yo‘nalish shakllandi: server tizimlari (Dell EMC, keyinchalik Infrastructure Solutions) va shaxsiy tizimlar (Client Solutions). Bular Dell Technologies nomi ostida birlashtirildi hamda uning aksiyalari 2018 yilda Nyu-York fond birjasiga chiqarildi (DELL tikeri).
Kompaniya bosh qarorgohi AQSHning Texas shtatidagi Round Rok shahrida joylashgan.
Endi qisqacha tarix
Maykl Sol Dell Texas universitetida o‘qib yurgan kezlaridan kompyuter savdosi bilan shug‘ullanardi. Uning asosiy ishi – IBM kompyuterlari uchun butlovchi qismlarni ulgurji sotib olib, kompyuter holiga keltirib, pochta orqali sotish bo‘lgan. Boshlang‘ich kapitali 1000 dollarni tashkil etgan “kichik biznes” tez orada oyiga 80 ming AQSH dollari atrofida daromad keltira boshladi. Dell 1984 yilda Ostindagi universitetni tark etib, PC Limited kompaniyasiga asos soldi. Uning arzon, lekin sifatli mahsulotlari o‘z vaqtida xaridorgir bo‘ldi va birinchi yili kompaniya aylanmasi 6 million dollarni, ikkinchi yili esa 40 million dollarni tashkil etdi.
Kompaniyani yana-da rivojlantirish maqsadida 1986 yilda sobiq bankir Li Uoker (E. Lee Walker) prezident lavozimiga taklif qilindi, shuningdek, bir guruh marketing mutaxassislari ishga qabul qilindi. Bu AQSH bozoriga xos xususiyat, juda ko‘p kompaniyalar bunga “qo‘l urishadi”. 1988 yilda Buyuk Britaniya va Kanadada filiallar ochildi. 1988 yil iyun oyida kompaniya NASDAQ birjasida o‘z aksiyalarini joylashtirdi va nomini Dell Computer deb o‘zgartirdi. 1980 yillarning oxirida raqobatning kuchayishiga javoban kompaniya o‘sha paytdagi eng ilg‘or texnologiyalar – Intel 80386 mikroprotsessori va Unix operatsion tizimidan foydalana boshladi. Shuningdek, o‘z muhandislar jamoasini shakllantirdi. Bu nafaqat IBM kompyuterlarining “nusxa”larini sotish, balki o‘z modellarini yig‘ish imkonini berardi. 1989 yilda AQSHdagi sotuvlar 258 million dollarga yetdi, yana 40 million dollar Britaniya bozoridan keldi, Germaniyada ham sotuvlar boshlandi. Kompaniya to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo strategiyasiga amal qilishda davom etdi – buyurtmalar telefon orqali qabul qilinar va pochta orqali yetkazilar edi.
1990 yilda Italiya va Fransiyada ham filiallar ochildi, Irlandiyada esa yevropalik mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun zavod ish boshladi. Dell faoliyatida korporatsiyalar uchun serverlar ishlab chiqarish tobora muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Daromaddagi ularning ulushi kattagina edi, 1990 yildagi 546 million dollarlik daromadning 40 foizi yirik mijozlarga to‘g‘ri kelgan. 1991 yilda Dell o‘zining birinchi noutbukini ishlab chiqardi, bundan tashqari faks va kompakt-disklar bozoriga ham kirib borgan kompaniya daromadi 1993 yilda 2 milliard dollarga yetdi, shundan uchdan bir qismi xorijiy bozorlarga to‘g‘ri keldi – Yaponiya, Avstraliya va Lotin Amerikasida sotuvlar boshlandi. 1995 yilda kompaniya Pentium protsessorli noutbuklar va ikki protsessorli kompyuterlarni ishlab chiqarishni boshladi va jahon bozorida 4% ulushga ega bo‘lgan holda kompyuterlarni sotish bo‘yicha beshta eng yirik kompaniyalar qatoriga kirdi. 1996 yilda Malayziyada ham zavod ochildi va shu yilning o‘zida Internet orqali savdo yo‘lga qo‘yildi. Uch yil ichida bunday sotuvlar ulushi 40 foizga yetdi. 1998 yilda Xitoyning Syamin shahrida xorijdagi uchinchi zavod ochildi va bozordagi 9 foizlik ulush bilan kompaniya dunyoda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. 1999 yilda AQSHning Tennessi shtati va Braziliyada zavodlar ish tushdi va umumiy tushum 25 milliard dollardan oshgani holda va sof foyda 1,86 milliard dollarni tashkil etdi.
2000 yildagi “Dotkomlar pufagi” (Dot-com bubble) voqealari Dell‘ni ham chetlab o‘tmadi, lekin kompaniya raqobatchilariga qaraganda inqirozga yaxshiroq bardosh bera oldi va 2001 yilda 13 foizlik ulush bilan sohadagi eng yirik kompaniyaga aylandi. O‘sha yil oxirida EMC bilan maʼlumotlarni saqlash qurilmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha alyans tuzildi. 2002 yilda “cho‘ntak kompyuter”lari, 2003 yildan esa printer va televizorlar ishlab chiqarila boshlandi. 2003 yil o‘rtalarida kompaniya o‘z nomini Dell Inc.‘ga qisqartirdi.
Keyingi yillarda kompaniya sifat bilan bog‘liq muammolarni boshdan kechirdi. 2006 yilda 4,1 million dona texnikani qaytarib olishga majbur bo‘ldi va sohada foydasiga yetakchilikni boy berdi. Yaxshi joy bo‘sh qolmaydi, deganlaridek Dell‘ning o‘rnini tezda Hewlett-Packard egalladi.
2009 yilda Dell Inc. axborot texnologiyalari infratuzilmasini yaratishga ixtisoslashgan Perot Systems kompaniyasini taxminan 3,9 milliard dollarga sotib oldi.
2013 yilda Maykl Dell o‘zining hamda Silver Lake Partners investitsiya kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan mablag‘lar hisobidan Dell Inc.‘ning nazorat paketini birjadan 25 milliard dollarga sotib oldi va 75 foizlik ulush bilan kompaniya yana Mayklning to‘liq nazoratiga o‘tdi.
2015 yil 12 oktyabrda Dell korporatsiyasi EMC kompaniyasini 67 milliard AQSH dollariga sotib olish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Bu axborot texnologiyalari sanoati tarixidagi eng yirik bitim bo‘ldi. Kelishuv 2016 yil 7 sentyabrda yakunlandi, natijada Dell va EMC yangi tashkil etilgan Dell Technologies kompaniyasining shuʼba korxonalariga aylandi. 2018 yil dekabr oyining oxirida Dell Technologies aksiyalari Nyu-York fond birjasiga joylashtirildi.
2021 yilda Dell Technologies 80 foiz aksiyasiga egalik qilgan VMware dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchisi mustaqil kompaniyaga ajratildi. Bir yil o‘tgach, uni Broadcom kompaniyasi 61 milliard dollarlik bitim asosida o‘z tasarrufiga oldi.
Bugun Maykl Sol Dell asos solgan kompaniya IDC talqiniga ko‘ra (2023 yil uchun) kompyuter texnikasi ishlab chiqaruvchilar orasida 15,4 foizlik natija bilan kuchli 5talikdan joy olgan (Lenovo 22,7% natija bilan 1-o‘rinda, NR 20,4% – 2-o‘rin, Apple 8,4% hamda Asus 6,5%lik natijalar bilan mos ravishda 4- va 5-o‘rinlar).