Sunʼiy intellekt xavfsiz bo‘la oladimi? Mutaxassislar yuzaga kelayotgan tahdidlar va sunʼiy intellekt xavfsizligini muhokama qilmoqda

22.10.2024
647
Sunʼiy intellekt xavfsiz bo‘la oladimi? Mutaxassislar yuzaga kelayotgan tahdidlar va sunʼiy intellekt xavfsizligini muhokama qilmoqda

Xalqaro kiberxavfsizlik ekspertlari sunʼiy intellekt keltirib chiqaradigan xavfsizlik muammolarini hal etish uchun global hamkorlik va faol strategiyalarga chaqirmoqda.

Sunʼiy intellektni (SI) qo‘llash jadal surʼatlar bilan rivojlanar ekan, ko‘plab tashkilotlar o‘z vazifalarini avtomatlashtirish, ish jarayonlarini takomillashtirish hamda unumdorlik va samaradorlikning yangi darajalariga erishish uchun undan foydalanmoqda.

Unutmaslik kerakki, texnologiyalar misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni taqdim etish bilan bir qatorda, murakkab xavfsizlik xatarlarini ham keltirib chiqaradi. Gallyutsinatsiyalar va noxolisliklardan tortib “prompt inyeksiyalari” (prompt injections), “maʼlumotlarni zaharlash” (data poisoning) va axboriy hujumlargacha bo‘lgan muammolar tufayli sunʼiy intellektdan foydalanish xavfsizlikka yangicha yondashuvni talab qilmoqda. Bu yondashuv anʼanaviy IT-xavfsizlik amaliyotlaridan tashqariga chiqib, xalqaro hamkorlikni talab etadi.

Yuqoridagilar fikrlar Singapur xalqaro kiberhaftaligida o‘tkazilgan panel muhokamasining asosiy xulosalari edi. Unda hukumat va sanoat vakillari “Sunʼiy intellekt xavfsiz bo‘la oladimi?” degan asosiy savolni muhokama qilish uchun to‘planishdi.

Sunʼiy intellekt xavfsizligiga ixtisoslashgan Atlas Computing notijorat tashkilotining bosh direktori Evan Miyazono (Evan Miyazono) sunʼiy intellekt imkoniyatlari oshib borishini taʼkidlar ekan, hozircha bu jarayon yangi xatarlarni keltirib chiqarmasligini aytmoqda. Uning fikricha mavjud SI modellari allaqachon Internetda mavjud bo‘lgan maʼlumotlar asosida o‘qitilyapti.

“Lekin siz eʼtiborni supergrippni qanday yaratish haqidagi so‘rovlarga emas, balki buning uchun kerakli komponentlarni sotuvchi odamga o‘zingizni bu sohada ishlaydigan tadqiqotchi ekaningizga ishontirish uchun qanday qilib elektron xat yozish kerakligiga qaratishingiz lozim”. Yaʼni, SIdan bioqurol sifatida foydalanish uchun o‘zingizni unga qarshi kurashuvchi sifatida taqdim etishingiz – mana bu haqiqiy xavf, chunki SI bunda sizga “yordam berib” qo‘yishi mumkin.

“Hozirgi modellar xavfli material yoki maxfiy maʼlumotlarga kirishni cheklaydigan odamlarga bunday savollarni bera oladigan darajaga yetib kelmoqda”, deya ogohlantirdi u.

IBM Security Asia-Pacific kompaniyasining bosh texnik direktori Kris Xokings (Chris Hockings) sunʼiy intellekt anʼanaviy IT tizimlari duch keladigan xavfsizlik tahdidlariga moil ekanligini taʼkidlash bilan birga, muammoning dolzarbligi va ko‘lamini alohida qayd etdi.

Maʼlumot, model va foydalanish xavfsizligini asosiy xavotirlar sifatida taʼkidlar ekan, “jinoyatchilarni masalaning turli jihatlari qiziqtiradi”, deydi Xokings. “Ishonchlilik – biz hal qilishimiz kerak bo‘lgan yana bir muammo, chunki sunʼiy intellektdan keng foydalanish shubhali yoki noto‘g‘ri maʼlumotlarni keltirib chiqarishi mumkin”.

Buyuk Britaniyaning Fan, innovatsiyalar va texnologiyalar departamenti kiberxavfsizlik va raqamli identifikatsiya bo‘yicha direktori Rod Letem (Rod Latham) foydalanuvchilarni himoya qilish uchun mutanosib choralar ko‘rish zarurligini taʼkidladi.

“Sunʼiy intellektda o‘ziga xos xususiyatlar mavjud”, dedi u SI xavflari bilan bog‘liq noaniqlikka ishora qilib. Letem Buyuk Britaniyaning sunʼiy intellekt xavfsizligi bo‘yicha ixtiyoriy amaliyot kodeksini taʼkidlab, global standartlarni belgilashda xalqaro hamkorlikning muhimligini alohida qayd etdi.

“Mavzuning mohiyati shundan iboratki, biron-bir davlat mustaqil ravishda hal qila olmaydigan muammolarni yechish uchun xalqaro hamkorlikning yuqori darajasi talab etiladi”, deb qo‘shimcha qildi u.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligining xalqaro kibersiyosat bo‘limi boshlig‘i Leonard Rolland (Léonard Rolland) diplomatik nuqtai nazarni ilgari surib, davlatlarni xalqaro kibermeʼyorlarni qabul qilishga chaqirdi.

“Bizning vazifamiz kibermakonning barqaror va xavfsiz bo‘lishini taʼminlash uchun xalqaro darajada o‘yin qoidalarini ishlab chiqishdir”, dedi Rolland, sunʼiy intellektning jadal rivojlanishi uning xavflarini aniq belgilashni qiyinlashtirishini taʼkidlab. U inklyuziv xalqaro muloqotni qo‘llab-quvvatlab, Parijda bo‘lib o‘tadigan sunʼiy intellekt bo‘yicha sammitni taraqqiyot uchun muhim imkoniyat sifatida taʼkidladi.

Sunʼiy intellekt xavfsizligi uchun javobgarlik masalasini muhokama qilishda, Xokings ham, Letem ham buni izolyatsiyalash orqali hal qilish mumkin emasligini taʼkidladi.

Xokings aytishicha, ko‘pincha SI himoyasi bilan bog‘liq masalalar axborot xavfsizligi bo‘yicha masʼullarga yuklatilsa-da, amalda boshqa bo‘limlardan ham, turli yo‘nalishdagi dasturchilar jalb etilishiga guvoh bo‘lamiz. Demak, Letemning xulosa qilishicha, sunʼiy intellekt bo‘yicha “butun tashkilot javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi zarur”.

Sunʼiy intellektning xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlari kelajagini muhokama qilishda, Rolland Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi kabi hamkorlik yondashuvini taklif etmoqda. U sunʼiy intellekt xavflari bo‘yicha davlatlar va umuman, manfaatdor tomonlarni ilmiy natijalar haqida xabardor qilish vazifasini bajaradigan organ tashkil etishni tavsiya qildi.

Xokings esa tashkilotlar voqelikka tezda moslashishi zarurligini taʼkidladi. Xususan, sunʼiy intellekt xavflariga qarshi kurashish uchun korxonalarda maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash, zamonaviy dasturiy taʼminotdan foydalanish va raqamli identifikatsiya kabi masalalarga jiddiy eʼtibor qaratishga chaqirdi.

“Samarali identifikatsiya ishlari bizga shaxs yoki predmetlarning haqiqiy yoki soxta bo‘lishi mumkinligini aniqlash va asosiysi, ularga bo‘lgan ishonchimizni belgilash imkonini beradi”, dedi Xokings.

Miyazono esa bir necha xavfsizlik bosqichlarini birlashtirgan “Shveysariya pishlog‘i” modelini taklif qildi. U katta til modellari xavfsizligini yaxshiroq taʼminlash uchun mexanik interpretatsiya va spetsifikatsiyaga asoslangan sunʼiy intellekt kabi istiqbolli ishlanmalarga eʼtibor qaratmoqda.

“Spetsifikatsiyalarga asoslangan sunʼiy intellekt haqiqatan ham istiqbolli yo‘nalishdir”, deydi Miyazono. U bir kun kelib, aksi isbotlanmagunga qadar xavfsiz hisoblanmaydigan oziq-ovqat va dori-darmonlar kabi sunʼiy intellekt tizimlari ham xavfsizlikning obyektiv xususiyatlariga ega ekanligini isbotlash zaruriyati paydo bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Letem sunʼiy intellekt xavfsizligi bo‘yicha davom etayotgan muhokamalarni Ikkinchi jahon urushi davridagi texnologik yutuqlar bilan qiyosladi. O‘sha vaqtlarda deshifrovka bilan shug‘ullangan Bletchli-park boshlig‘ining “urush davom etar ekan, moslashish zarur”ligi taʼkidlangan xatidan iqtibos keltirar ekan, Letem:

“Sunʼiy intellekt kabi yangi va murakkab texnologiya bor ekan, biz faqatgina bu muammoni birgalikda hal qilish uchun tayyor turishimiz mumkin”, deydi.

Ha, bunda jiddiy maʼno bor. Taraqqiyot ortga qaytmaydi, uning xavflaridan qo‘rqib, to‘xtatishga harakat qilinmaydi. Faqat unga, uning chaqiriqlariga tayyor turish orqali vaziyatni insoniyat foydasiga xizmat qilishiga erishi mumkin.

Tavsiya