“15 mln kuzatuvchisi bor YouTube kanali egasining telefonini buzib, kanal maʼmurligini qo‘lga kiritishdi – shartli ravishda, albatta”
Yuqoridagi maʼlumotlar Dr. Algorithm Telegram kanalida eʼlon qilingach turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Asosiy ofisi Londonda joylashgan Moneff kompaniyasi IT-menejeri Saidolim Jo‘rayev yozyapti:
“Apple asoschilari avval telefon tizimini buzishgani (hack) qilishganini bilarmidingiz?
Rim Papasiga tekinga telefon qilib, ertalab uyg‘otishganinichi?
Dubay shayxining qizi Shayx Latifani telefon orqali ummon markazidan topishgani, GPS‘siz;
SMS orqali keladigan bir martalik kalit so‘z – OTP (One Time Password)larni ham bilish mumkinligi;
OTP orqali Telegram‘ga kirishga 15 soniya yetarli ekani;
Python‘da yozilgan kod orqali sizga kelayotgan qo‘ng‘iroqlarni boshqa “qabul qilishi” mumkinligi;
GPS‘siz qachon va qayerga borganingizni bilish qiyin emamligi;
Xullas, 15 million obunachisi bor YouTube kanalini buzib kirishdi – xavfsizlik tobora katta ahamiyat kasb etib bormoqda ...
Endi oddiy so‘zlar bilan:
Veritasium kanalida eʼlon qilingan videosuhbat telefon tarmoqlari endi raqamlasha boshlagan vaqtlarda Stiv Jobs do‘sti Stiv Voznyak bilan xalqaro telefon liniyalariga bepul ulanadigan qurilma yasagani voqeasi tafsilotlari bilan boshlanadi. Keyin esa, 15 million kuzatuvchisi bor kanal muallifi bilan onlayn gaplasha turib, uning telefonini buzishadi.
Buning uchun faqatgina uning telefon raqamini bilish kifoya qilgan.
Bugun kiberjinoyatchilar SS7‘ning nozik jihatlarini “ishlatib”, bir qancha maʼlumotlarga ega chiqishi mumkin:
sizga kelayotgan telefon qo‘ng‘irog‘ini boshqa raqamga o‘tkazish;
SMS‘ni boshqa odamga yuborish;
siz turgan joyni aniqlash va boshqalar.
Shu orada sizning Telegram hisobingiz (akkauntingiz)ni ham o‘g‘irlashlari mumkin. Demak, ikki faktorli autentifikatsiya – 2FA‘ni yoqib qo‘ying.
Umuman olganda, to‘liq 5G‘ga o‘tishni tezlashtirish kerak.
WiFi orqali qo‘ng‘iroqlar ham rivojlanib bormoqda. Android tizimida ishlovchi telefonlarda shunday imkoniyat bor, agar bino ichida mobil aloqa yaxshi ishlamasa, WiFi orqali telefon qilishingiz mumkin. Ham sifat yaxshi, ham qo‘ng‘iroq uchun pul to‘lamaysiz.
SMS ham shunday. Bunda matn yuborishdan tashqari, Android‘da ishlovchi telefonlarda “yoqdi” tugmasini bosish mumkin, xabarning maʼqul kelgani tasdig‘i o‘laroq. Va barchasi Internet orqali. iPhone‘larda tez orada ushbu imkoniyat joriy etilish mumkin, har qalay Apple‘ning rejasida bor”.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Saidolim Jo‘rayev bilan informatsion gigiyena haqida suhbat qildik.