Anthropic: 2026 yilga kelib “qudratli” sunʼiy intellekt paydo bo‘ladi

14.10.2024
521
Anthropic: 2026 yilga kelib “qudratli” sunʼiy intellekt paydo bo‘ladi

Shu kunlarda Anthropic kompaniyasi bosh direktori Dario Amodeyning “Mehr-muhabbat mashinalari”: Sunʼiy intellekt dunyoni qanday qilib yaxshilik tomon o‘zgartirishi mumkin?” nomli maqolasi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tish darkor, OpenAI‘ning sobiq hodimlari tomonidan taʼsis etilgan Anthropic kompaniyasi umumiy sunʼiy intellekt tizimlari va til modellarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan bo‘lib, sunʼiy intellektdan masʼuliyatli foydalanishning korporativ axloq-odob qoidalariga amal qilishni targ‘ib qiladi. Google tomonidan qariyb 400 million dollar miqdorida sarmoya kiritilgan Anthropic, shuningdek Google Cloud‘ning rasmiy hamkori hisoblanadi.

Endi maqolga qaytsak. Unda aytilishicha, 2026 yilga kelib biologiya va muhandislik sohalarida Nobel mukofoti sovrindorlaridan aqlliroq, matematik nazariyalarni yecha oladigan va hatto “haqiqatan ham yaxshi romanlar” yoza oladigan sunʼiy intellekt paydo bo‘ladi. Dario Amodeyning fikricha, bunday sunʼiy intellekt har qanday dasturiy va apparat taʼminotni, shu jumladan, sanoat uskunalarini boshqara oladi va deyarli har qanday amalni odamdan yaxshiroq bajaradi.

“Ushbu SI masofadan turib bajariladigan operatsiyalardan tortib, kompyuter orqali texnikalarni boshqarishgacha, hatto o‘zi uchun robot yoki uskunalarni loyihalashtirishgacha bo‘lgan har qanday harakatni bajara oladi”, deb yozadi Amodey.

Biroq bunday voqelikka erishish yo‘lida ko‘plab to‘siqlarni yengib o‘tish kerak – hozirgi sunʼiy intellekt modellari, hatto eng ilg‘orlari ham odamlar singari “fikrlashga” qodir emas. Ular ko‘proq o‘rgatilgan maʼlumotlardagi “naqsh”larni nusxalaydi va takrorlaydi. Robototexnikaning sekin rivojlanishini hisobga olgan holda, sunʼiy intellekt yaqin kelajakda laboratoriya tajribalarini mustaqil o‘tkazish va o‘ziga zarur asbob-uskunalarni ishlab chiqarish qobiliyatiga ega bo‘lishini tasavvur qilish qiyin.

Shunga qaramay, Amodey optimizmni saqlab qolmoqda. U 7-12 yil ichida sunʼiy intellekt deyarli barcha yuqumli kasalliklarni davolashga, aksariyat saraton o‘simtalarini yo‘q qilishga, genetik kasalliklarni tuzatishga va Alsgeymer kasalligini erta bosqichlarda to‘xtatishga yordam beradi, deb bashorat qilmoqda. Bundan tashqari, u keyingi 5-10 yil ichida sunʼiy intellekt yaratgan dori-darmonlar jarohatdan keyingi stres, depressiya va shizofreniya kabi ruhiy kasalliklarni yengishda yordam berishini kutmoqda.

Uning bashoratlari shunchalik ulkanki, u o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ikki baravar, yaʼni 150 yilgacha oshishini taxmin qilmoqda. Shuningdek, insoniyat sunʼiy intellekt yordamida 100 yillik taraqqiyotga atigi o‘n yilda erishishi mumkinligini taʼkidlaydi.

Biroq hozirgi kunda sunʼiy intellektning tibbiyotdagi kamtarona yutuqlari Anthropic kompaniyasi bosh direktorining bayonotlariga shubha bilan qarashga majbur qiladi. Sunʼiy intellekt yangi dorilarni sinovdan o‘tkazishning boshlang‘ich bosqichida yordam berishi mumkin, ammo keyingi bosqichlarda samarasiz bo‘lib qolishi mumkin.

Jahon muammolarini hal qiladigan sunʼiy intellekt?

Amodey sunʼiy intellekt global muammolarni hal qilishga qodir ekanligini taʼkidlaydi: ochlikni tugatish, iqlim o‘zgarishini orqaga qaytarish va rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotini o‘zgartirish. Uning fikricha, sunʼiy intellekt 5-10 yil ichida Afrika mamlakatlarida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIMni Xitoy darajasiga ko‘tarishi mumkin.

Bu bayonotlar “Singulyarlik” harakatining g‘oyalarini eslatadi, ular texnologiyalarning rivojlanishidan shunga o‘xshash natijalarga erishish mumkinligiga ishonishadi. Amodey bunday o‘zgarishlar global sog‘liqni saqlash, xayriya va siyosiy munosabatlar sohasida ulkan saʼy-harakatlar talab qilishini tan oladi.

Biroq, bu inson xulq-atvorini tubdan o‘zgartirishni talab qiladi, chunki amalda qisqa muddatli manfaatlar ko‘pincha uzoq muddatli maqsadlardan ustun turadi. Bundan tashqari, sunʼiy intellektni o‘qitish bilan shug‘ullanadigan ko‘plab odamlar minimal ish haqidan ancha kam maosh olayotgan bir paytda, kompaniyalar millionlab dollar foyda ko‘rmoqda.

Sunʼiy intellektning xavflari va jamiyat uchun tahdidlar

Amodey sunʼiy intellektning jamiyat uchun xavf-xatarlarini qisqacha eslatib o‘tadi va sunʼiy intellekt yetkazib berish zanjirlarini himoya qilish hamda ushbu texnologiyalardan “do‘st bo‘lmagan” mamlakatlar foydalanmasligini taʼminlash uchun demokratik davlatlar koalitsiyasini tuzishni taklif qiladi. Shuningdek, uning taʼkidlashicha, sunʼiy intellekt repressiv rejimlarga putur yetkazishi va hatto huquqiy tizimlardagi nohaqlikni kamaytirishi mumkin, garchi sunʼiy intellekt tarixan bu sohalarda aks natija bergan bo‘lsa-da.

Sunʼiy intellekt deyarli barcha vazifalarni bajaradigan bo‘lsa, odamlarning ishi nima bo‘ladi?

Amodey bu jiddiy iqtisodiy o‘zgarishlarni keltirib chiqarishini va insoniyat iqtisodiyotni qanday tashkil etilishini qayta ko‘rib chiqishi kerakligini tan oladi. Biroq u aniq yechimlarni taklif qilmaydi.

Oxirida u sunʼiy intellekt faqat texnologik taraqqiyotning tezlashtiruvchisi ekanligi va insoniyat tabiiy ravishda demokratiya va maʼrifiy qadriyatlarga intilayotganini taʼkidlaydi. Biroq, u sunʼiy intellektning atrof-muhitga taʼsiri va o‘sib borayotgan tengsizlik kabi haqiqiy muammolarni eʼtiborsiz qoldiradi. Jozef Stiglis kabi iqtisodchilar sunʼiy intellekt omili boyliklarni kompaniyalar qo‘lida yana-da ko‘proq jamlanishi ortidan ishchilar huquqlari poymol etilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Xulosa

Yuqoridagi bayonot haqida fikr yuritishda bir narsani hisobga olish kerak, Anthropic va uning mahsuloti bo‘lmish, Amodey so‘zlariga ko‘ra “dunyoni qutqaradigan” sunʼiy intellekt – bu biznes. Va kompaniya milliardlab dollar sarmoya jalb qilmoqchi, degan mish-mishlarni eʼtiborga olinsa, bu maqolaning aynan hozir eʼlon qilinishi insonni “turli o‘ylar”ga yetaklaydi.

Tavsiya