“Sunʼiy intellekt fikrlamaydi, tafakkurga taqlid qiladi, xolos” – Apple

14.10.2024
276
“Sunʼiy intellekt fikrlamaydi, tafakkurga taqlid qiladi, xolos” – Apple

Apple tadqiqotchilari ChatGPT kabi LLM (Large Language Model, “katta til modellari”) mantiqiy fikrlashga qodir emasligini aniqladi, deyiladi TechCrunch nashrida eʼlon qilingan maqolada. Agar berilgan vazifaga ahamiyatsiz tafsilotlar qo‘shilsa, sunʼiy intellektni osongina chalg‘itish mumkin ekan.

“LLM‘larda matematik tafakkur cheklovlarini tushunish” nomli maqolada sunʼiy intellektning mantiqiy fikrlash qobiliyati masalasi ko‘tarilgan. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, katta til modellari oddiy matematik masalalarni yecha olishi mumkin, ammo katta ahamiyat kasb etmaydigan maʼlumotlar qo‘shilsa xatoga yo‘l qo‘yishni boshlaydi.

Masalan, model quyidagi masalani bemalol yecha oladi: “Bahodir juma kuni 44 dona olma terdi. Keyin shanba kuni 58 ta olma terdi. Yakshanba kuni u juma kunidagidan ikki baravar ko‘p olma yig‘di. Bahodirda nechta olma bor?” Biroq, agar masala shartiga “yakshanba kuni olmalarning 5 tasi o‘rtacha o‘lchamdan biroz kichikroq edi” jumlasini qo‘shsak, model, ehtimol, olma o‘lchami ularning soniga taʼsir qilmasligiga qaramay, ushbu 5 ta olmani umumiy sondan ayiradi.

Tadqiqot hammualliflaridan biri Mehrdad Farajtabar (Mehrdad Farajtabar) bunday xatolar LLM‘ning vazifa mohiyatini tushunmasligi, balki shunchaki o‘qitish maʼlumotlaridan andozalarni takrorlashini ko‘rsatadi, deb tushuntiradi. “Biz bu [samaradorlikning] pasayishi zamonaviy LLM haqiqiy mantiqiy mulohaza yuritishga qodir emasligi bilan bog‘liq deb taxmin qilamiz; buning o‘rniga ular o‘zlarining o‘rgatuvchi maʼlumotlarida kuzatiladigan mulohaza bosqichlarini qayta tiklashga harakat qilishadi”, - deyiladi maqolada.

OpenAI‘ning boshqa bir mutaxassisi so‘rovlarni shakllantirish (prompt engineering) texnikasi yordamida to‘g‘ri natijalarni olish mumkinligini taʼkidladi. Biroq, Farajtabarning aytishicha, murakkab masalalar uchun, masalan, bola osongina eʼtiborsiz qoldiradigan chalg‘ituvchi omillarni bartaraf etish uchun eksponensial ravishda ko‘proq kontekst maʼlumotlari talab qilinishi mumkin.

Bu sunʼiy intellekt mulohaza yurita olmasligini anglatadimi? Ehtimol. Hozircha hech kim aniq javob bera olmayapti, chunki sodir bo‘layotgan jarayonni aniq tushunish yo‘q. Balki biz hali aniqlay olmagan yoki nazorat qila olmaydigan usulda LLM “mulohaza yuritish” imkoniyatiga egadir. Har holda, ushbu tadqiqot keyingilari uchun qiziqarli istiqbollarni ochadi.

Tavsiya