
Telegram YouTube‘ga o‘xshash xizmat yaratish uchun tanlov eʼlon qildi.
Bugungi kunda o‘zini ijtimoiy tarmoq, kriptovalyuta xizmati va yangiliklar agregatori sifatida taqdim qilayotgan Telegram messenjeri kelajakda videoxosting funksiyalarini qo‘shishi ehtimoldan xoli emas. Kompaniya dasturdagi mavjud AVPlayer o‘rniga yangi videopleyer yaratish uchun tanlov eʼlon qildi. Telegram Contests kanalida berilgan xabarga ko‘ra ushbu funksiya kelajakda YouTube va boshqa videoxizmatlarga raqobatchi bo‘lishi mumkin.
Tanlov doirasida dasturchilar iOS platformasi uchun HLS (ham audio, ham video) oqimli uzatishni qo‘llab-quvvatlaydigan yangi media pleyerni “nol”dan yaratishlari kerak. Keyinchalik, ehtimol, Android va kompyuter versiyalari uchun ham shu kabi dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yiladi.
Tanlov 25 oktyabrgacha davom etadi, natijalar noyabr oyida eʼlon qilinadi. G‘olibga 50 ming AQSH dollari miqdorida mukofot vaʼda qilingan. Tanlov shartlariga ko‘ra, yakuniy mediapleyer versiyasi ishlash samaradorligi, ilova barqarorligi yoki multimedia ijrosida hech qanday muammolarni keltirib chiqarmasligi lozim, yaʼni mukammal bo‘lishi talab etilmoqda.
Tanlovda ishtirok etish uchun taklif etilayotgan media pleyer tarmoq o‘tkazuvchanlik qobiliyatiga qarab, mavjud videooqimlar o‘rtasida ham avtomatik, ham “qo‘l”da almashinuvni qo‘llab-quvvatlashi kerak hamda ilova ichida veb-interfeysdan foydalanmagan holda ishlashi lozim. Loyiha doirasida JavaScript‘da maʼlumotlarni boshqarish va mashina kodida renderlashni amalga oshirish orqali gibrid yechimdan foydalanishga ruxsat beriladi.
Taqdim qilingan yechim iOS (iOS 12 - iOS 18) qurilmalarida turli sharoitlarda sinab ko‘riladi. G‘olib pul mukofoti bilan birga Telegram bilan hamkorlik qilish imkoniyatini ham qo‘lga kiritadi.