Ariza yuborish

“3,8 million dollarlik bitkoinlar saqlangan fleshka tashlab yuborildi”

01.04.2025
195
“3,8 million dollarlik bitkoinlar saqlangan fleshka tashlab yuborildi”

“Bir xursand qilay degandim” – Buyuk Britaniyada veb-dasturchining rafiqasi uni xursand qilish maqsadida xonasini tartibga keltirib bermoqchi bo‘ldi. Dasturchilar, tabiiy, o‘z dunyosida yashovchi insonlarda xonaning holati ham o‘ziga xos bo‘lishi mumkin, yaʼni “hamma narsa kerak, keyinroq yig‘ishtirib olaman”. Voqea qahramoni Tomning “ish joyi” ham shular jumlasidan va rafiqasi Elli Xart yig‘ishtirish jarayonida eski xatlar va jurnallarni taxlab, ish stoli tortmalaridagi keraksiz narsalarni saralayotib, eski kvitansiyalar va ishdan chiqqan batareyalar orasidan fleshkani topib oladi hamda eridan so‘ramasdan, o‘ylab o‘tirmay qurilmani axlatga tashlab yuboradi. Va tushunganingizdek, tamom!

Veb-dasturchi Tom 2013 yilda bitkoinlarni ancha arzon narxda sotib olgan edi. Yillar davomida bu sarmoyalar astronomik miqdorda - 3,8 million dollargacha (3 million funt sterling) o‘sdi, biroq elektron hamyonga kirishning imkoni yo‘qolgani sababli ulardan foydalanib bo‘lmay qoldi.

“Tom bitkoinlari uchun kichkina qora fleshkani so‘raganida, men dong qotib qoldim. Barcha chiqindi qoplarini titkilab chiqdik, ammo juda kech bo‘lganini angladik. Ichimda vahima va umid aralash his paydo bo‘ldi, lekin yuragimning tubida allaqachon kech bo‘lganini bilardim. Tom hayratda edi. U baqirmadi, meni ayblamadi, ammo sukunati hamma narsani aytib turardi”, - deb hikoya qildi Elli. Og‘ir sinovga qaramay, er-xotin munosabatlarini saqlab qolishga harakat qilishmoqda.

Ellining taʼkidlashicha, Tom uni ayblamagan, biroq yo‘qotishning og‘irligi “uning har bir jim turishida sezilib turardi”.

“Bu pullar bizning kelajagimiz – uy, taʼtil, hamma narsa bo‘lishi mumkin edi, men esa ularni bir hovuch keraksiz xat bilan birga tashlab yubordim. Bunday holatni boshdan kechirish juda qiyin. Fleshkani qo‘lga olgan paytim, axlat chelagiga tushgan lahzasi miyamda qayta-qayta jonlanadi. Buni tuzatish uchun hamma narsaga tayyorman. Shunchalik qimmatbaho narsa bu qadar oddiy ko‘rinishi mumkinligini hech qachon o‘ylamagandim. Agar kimdir pul yoki muhim maʼlumotlarni USB fleshkada saqlayotgan bo‘lsa, iltimos, uni belgilab qo‘ying. Xavfsiz joyga yashiring. Men yo‘l qo‘ygan xatoni takrorlamang”, - deydi Elli.

Tavsiya