Bugun Norbauer kompaniyasi tomonidan yaratilgan Seneca mexanik klaviaturasi sotuvga chiqdi. Narxi eng kuchli kompyuter ixlosmandlarining ham aqlini shoshirib qo‘yadi – 3600 AQSH dollari. Ha, bu mablag‘ga uchta MacBook Air yoki Vision Pro qurilmasini xarid qilish mumkin. Kompaniya asoschisi Rayan Norbauer “qog‘ozda bularning barchasi mantiqsiz, haddan tashqari, behuda isrofgarchilik va g‘ayritabiiy” ekanligini tan oladi, biroq qurilma o‘z xaridorini topishiga ishonchi komil.
Odatda klaviaturalar qimmatbaho qurilmalar qatoriga kirmaydi — eng oddiysi bir necha dollar turadi, 50 dollarga almashtiriluvchi tugmalar va qopqoqlarga ega yaxshi mexanik klaviatura xarid qilish mumkin, o‘z narxidan qimmat hisoblanuvchi Apple Magic Keyboard esa 129 dollarga tushadi. Ammo bugun taqdim etilgan Seneca klaviaturasi ishlab chiqaruvchi tomonidan 3600 dollarlik “vahimali” narxga baholangan.
“Agar siz faqat kundalik ehtiyojlarni qondiradigan klaviatura izlayotgan bo‘lsangiz, Seneca, ochig‘ini aytganda, siz uchun mos kelmasligi mumkin [...] U go‘zal va aʼlo darajadagi joyga — hissiy hashamat, aql bovar qilmas muhandislik va porloq kelajak haqidagi unutilgan tasavvurlar olamiga sentimental qutqaruv eshigi bo‘lishi kerak”, — deb hisoblaydi Norbauer.
Klaviatura tugmalari Norbauer kompaniyasining o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan va tayyorlangan bo‘lib, ular ko‘plab yuqori sifatli klaviaturalarda uchraydigan anʼanaviy mexanik tugmalar emas. Norbauer ularni shunday taʼriflaydi: “Sig‘imli klaviaturalarning elastomer gumbazlari bosilganda oldindan belgilangan egilish nuqtasida nazorat qilinadigan siqilishdan foydalanadi, bu esa taktil his etishni taʼminlaydi. Klaviatura tizimining g‘ayrioddiy jismoniy tuzilishi (spiral g‘altakni sensorli panelga bosadigan smoladan yasalgan erkin sirpanuvchi chiziqli podshipnik) o‘ziga xos va yoqimli tovush — chuqur, ammo past akustik profil yaratadi”.
Ishlab chiqaruvchining taʼkidlashicha, yangi mahsulotning barcha qismlari va mexanizmlari “faqat inson qo‘li bilan yig‘ilgan va sozlangan — odatda, har bir klaviatura boshidan oxirigacha bitta usta tomonidan yig‘iladi”. Har bir qism xarajatlardan qatʼi nazar, maksimal akustik, badiiy va taktil nafislik uchun mo‘ljallangan va buyurtma asosida tayyorlanadi (hatto alohida ishlov berilgan vintlargacha). Klaviatura dizayni aerokosmik texnika, energetika, hisoblash texnikasi va aloqa texnologiyalarida misli ko‘rilmagan yutuqlar davri bo‘lgan XX asrning ikkinchi yarmiga ishora qiladi.
Norbauerning fikricha, bunday yondashuv “vintaj xususiyatiga ega”, ammo XXI asr kompyuter ishqibozlarining eng yuqori talablariga moslashtirilgan klaviaturani yaratishga imkon bergan.
Sizni bunday narxdagi klaviatura qiziqtirgan bo‘larmidi?