Windows 10 tizim xavfsizligini yaxshilashi kerak bo‘lgan KB5053606 raqamli mart oyidagi yangilanish foydalanuvchilar orasida norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi. Windows 10 operatsion tizimi eng ishonchli versiyalardan biri bo‘lib qolishiga qaramay, bu yangilanish foydadan ko‘ra ko‘proq muammolarni keltirib chiqardi.
Dastlabki qiyinchiliklar o‘rnatish bosqichidayoq boshlandi. Baʼzi foydalanuvchilar 0x80070020 xatolik kodi bilan bog‘liq nosozliklar haqida xabar berishdi, boshqalar esa o‘rnatish jarayonining juda uzoqqa cho‘zilayotganidan norozi. Qizig‘i shundaki, avtomatik yangilanish o‘chirilgan qurilmalarda ham yangilanish o‘rnatilmoqda. Biroq, PCWorld‘ning xabar berishicha, bu majburiy ravishda o‘rnatadigan muhim xavfsizlik yangilanishi ekanligi bilan bog‘liq.
Yangilanishni muvaffaqiyatli o‘rnatganlar yana-da jiddiyroq muammolarga ro‘baro‘ bo‘ldi. Vazifalar panelidan ikonkalar g‘oyib bo‘ldi, tizim sekinroq ishlashni boshladi va baʼzi foydalanuvchilar ish stolining shaxsiy sozlamalari boshlang‘ich holatga qaytganini qayd etdilar. Eng yomoni esa, klaviaturadan maʼlumot kiritishda kechikishlar yuz bermoqda, buni “hazm qilish” asabi mustahkamlarga ham oson emas.
Windows 10‘ning yangilanishi korporativ sektorda ham qiyinchiliklar yuzaga keltirmoqda. Foydalanuvchilar kompyuterga yangilanish o‘rnatilgandan keyin chop etish bilan bog‘liq muammolar haqida xabar berishdi. Bir kompaniya xodimining aytishicha, muammolar tizim qayta ishga tushirilgandan so‘ng darhol boshlangan. Chop etish xizmati sekin yuklanish va dasturlarning ishdan chiqishi kabi muammolar bilan ishlamoqda.
Microsoft yangilanishni qo‘llab-quvvatlash sahifasida Citrix va USB printerlari bilan bog‘liq muammolarni tan oldi, biroq ikonkalarning yo‘qolishi va tizimning sekinlashishi kabi boshqa nosozliklar hali tilga olinmagan. Hozircha bu muammolarning yechimi yo‘q va foydalanuvchilar tuzatishlarni kutishdan boshqa ilojlari qolmagan.
Umuman olganda, Windows 11‘ga o‘tishni tezlashtirish kerakka o‘xshaydi...