Olimlar yangi sunʼiy intellekt modeli yordamida Somon yo‘lida 44 ta Yer tipidagi sayyoraning mavjudligini bashorat qilishmoqda. Ularning barchasi hayot uchun potensial qulay. Bashoratning aniqligi 99 foizni tashkil etadi.
“Astronomy & Astrophysics” jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalarida olimlar tomonidan ishlab chiqilgan sunʼiy intellektning yangi modeli Yerning asosiy xususiyatlariga ega bo‘lgan 44 ta sayyoraning mavjudligini aniqladi. Bu sayyoralar o‘z yulduzlarining yashash uchun qulay hududida joylashgan bo‘lishi mumkin, yaʼni ularda suyuq suv va ehtimol hayot mavjud bo‘lishi mumkin.
Model Yer turidagi sayyoralarni aynan qayerdan qidirish kerakligini aniqlash uchun yulduzlar tizimlarining xususiyatlarini tahlil qiladigan mashinali o‘rganish algoritmiga asoslangan. Sunʼiy intellekt avval maʼlum bo‘lgan maʼlumotlar asosida o‘qitildi va keyin butun galaktika miqyosida bashorat qilish uchun qo‘llanildi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Somon yo‘lidagi 44 ta yulduzlar tizimida kamida bittadan yashash mumkin bo‘lgan sayyora mavjud.
Avvalgi modellardan farqli o‘laroq, ushbu algoritm nafaqat yulduzlar va orbitalarning fizik xususiyatlarini, balki ilgari eʼtibor berilmagan parametrlar o‘rtasidagi nozik bog‘liqliklarni ham hisobga oladi. Bunday yondashuv qidiruv samaradorligini sezilarli darajada oshiradi va teleskoplar uchun kuzatuv maydonini toraytiradi.
Olimlarning taʼkidlashicha, yangi modelning aniqligi 99 foizni tashkil qiladi. Bu hozirgi kunda ekzosayyoralarni qidirishning eng murakkab va aniq algoritmlaridan biridir.
Bu kashfiyot astronomlarga hayot mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan dunyolarni tezroq topishga va kuzatuvlarni eng istiqbolli obyektlarga qaratishga yordam beradi.