Hisobotda keltirilishicha, bugungi kunga qadar ChatGPT 353 million marta yuklab olingan, biroq ilova foydalanuvchilarining demografik maʼlumotlari notekis taqsimlangan. ChatGPT mobil foydalanuvchilarining yarmidan ko‘pi 25 yoshdan kichik, bu yoshlarning yangi texnologiyalarni sinab ko‘rishga ko‘proq moyilligini ko‘rsatadi (yoki bu foydalanuvchilar shunchaki uy vazifalarida yordam olishni istashlari mumkin - Pew Research Center tadqiqot markazining maʼlumotlariga ko‘ra, AQSHdagi o‘smirlarning to‘rtdan bir qismi ChatGPT‘dan maktab topshiriqlari uchun foydalangan, bu ko‘rsatkich 2023 yildan beri ikki baravar oshgan).
Biroq 50 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar ikkinchi yirik yosh guruhini tashkil etadi – ularning ulushi 20,2 foiz.
ChatGPT foydalanuvchilari o‘rtasidagi gender tafovut yana-da sezilarli. Appfigures maʼlumotlariga ko‘ra, turli yosh guruhlarida erkaklar barcha foydalanuvchilarning 84,5 foizini tashkil qiladi.
Ayollar sunʼiy intellekt sohasida muhim rol o‘ynasada, 2022-yilgi Pew hisoboti shuni ko‘rsatadiki, ayollar odatda erkaklarga qaraganda sunʼiy intellektga ko‘proq shubha bilan qarashadi; Axios o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, unda qatnashgan ayollarning 53 foizi farzandlariga sunʼiy intellektdan foydalanishga umuman ruxsat bermasligini aytgan, erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 26 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, McKinsey Global Institute ayollarning erkak hamkasblariga qaraganda avtomatlashtirish tufayli ishsiz qolish ehtimoli yuqoriroq ekanligini taxmin qilmoqda, bu esa keyinchalik yana-da ko‘proq qarshilikni keltirib chiqarishi mumkin.
Ammo ayollar nozik did sohibi ekanligi eʼtiboridan hamda sunʼiy intellekt ijodkorlik talab etiladigan sohalarda hali ham inson o‘rnini bosa olmasligi maʼlum bo‘lib turgan bir paytda bunday xulosaga kelinishini shubha ostiga olish mumkin. Va umuman, aksincha, sunʼiy intellekt aynan ayollar o‘rnini bosa olmasligi haqiqatga yaqinroq bo‘lsa kerak ...