Salvador Kongressi chorshanba kuni mamlakat prezidenti Nayib Bukele tomonidan kiritilgan qonun loyihasini tezda tasdiqladi. Loyiha kriptovalyuta bilan savdoni ixtiyoriy qilish uchun bitkoin qonuniga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutadi.
Kongressda Bukelening Yangi g‘oyalar partiyasi aʼzolari ko‘pchilikni tashkil etadi.
20 yillar avval AQSH dollarini o‘zida joriy etgan Salvador 2021 yildan kriptovalyutani ham qonuniy to‘lov vositasi sifatida qabul qilgan birinchi mamlakat bo‘ldi. Jahon hamjamiyati eʼtiborini tortgan ushbu qadam tufayli mamlakat prezidenti Bukele bitkoinning eng mashhur tarafdorlaridan biriga aylangan edi.
Ammo o‘tgan yilning dekabr oyida Salvador hukumati Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) bilan 1,4 milliard dollarlik kredit shartnomasini imzoladi. Jamg‘arma o‘z navbatida rasmiylarni kriptovalyuta taʼsirini cheklashga chaqirganidan so‘ng, Salvador bitkoin qamrovini qisqartirishga majbur bo‘ldi. Oxir-oqibat xususiy sektor uchun bitkoinlarni qabul qilishni ixtiyoriy qilish taklif etildi va bu esa shoshilinch tasdiqlangan qonunda o‘z aksini topdi.
Ovoz berishdan oldin hukmron partiya deputati Eliza Rosales islohotni bitkoinning “qonuniy to‘lov vositasi sifatida barqarorligini” kafolatlash va uning “amaliy qo‘llanilishini” osonlashtirish uchun zarur deb taʼkidladi.
Islohot 55 ta ovoz bilan qabul qilindi, faqat ikki kishi qarshi ovoz berdi.
Xabaringiz bor, AQSH prezidenti Donald Trampning saylovlardagi g‘alabasi ortidan bitkoin qiymatining rekord darajaga o‘sishi kuzatildi.
Eslatib o‘tamiz, Bukele hukumati o‘z zaxiralarini to‘ldirish uchun bitkoin sotib olishni davom ettirishini maʼlum qilgan.