Meta yana sudga tortilishi mumkin – AQSH Federal savdo komissiyasi (FTC) tomonidan sudga monopoliyaga qarshi daʼvo kiritilgan. Komissiya kompaniyani Instagram va WhatsApp‘ni sotib olib, raqobatni bostirish orqali ijtimoiy tarmoqlar bozorida yaqqol ustunlikka ega bo‘lishda aybladi. The Verge‘ning xabar berishicha, sud kompaniyani o‘z aktivlarini sotishga majbur qilishi mumkin.
Shunga o‘xshash daʼvo arizasi 2020 yilda ham kiritilgan edi, FTC Meta‘ni raqobatni bostirish maqsadida Instagram va WhatsApp kabi raqobatchilarni sotib olganini taʼkidlagan edi. Kolumbiya okrugi sudi sudyasi Jeyms Boasberg (James Boasberg) dastlab bu daʼvoni 2021 yilda rad etgan, shundan so‘ng federal agentlik qaytadan shikoyat bilan murojaat qilgan va ish ko‘rib chiqilgan. 2023 yil bahorida Meta yana FTC daʼvosini rad etishni so‘rab sudga murojaat qildi. Biroq Boasberg, Meta o‘z ilovalariga raqobat qilmaslik sharti bilan ishlab chiquvchilarga API‘dan foydalanishga ruxsat berib, adolatsiz harakat qilgani haqidagi daʼvoni rad etgan bo‘lsa-da, FTC foydasiga qaror chiqardi.
Endi FTC Meta adolatsiz ish yuritganini hamda uning Instagram va WhartsApp‘ni sotib olishi raqobat va isteʼmolchilarga zarar yetkazganini isbotlashga harakat qiladi.
Meta vakili Kristofer Sgro (Christopher Sgro) The Verge nashriga bergan bayonotida, Meta Instagram va WhatsApp xaridlari foydalanuvchilar uchun “foydali” bo‘lganini sudda isbotlay olishiga ishonch bildirdi. “FTC 10 yil oldin ushbu bitimlarni ko‘rib chiqib maʼqullagan edi. Bizning xizmatlarimiz YouTube, TikTok, X, Apple‘ning iMessage‘i va boshqa ko‘plab xizmatlar bilan halol raqobatlashayotgani haqida ko‘plab dalillarga qaramay, komissiya hamon bu xaridlarning noqonuniyligini taʼkidlashda davom etmoqda”, deydi Sgro.