Ariza yuborish

O‘zbekiston global reytinglarda o‘z o‘rnini yaxshilashda davom etmoqda

24.09.2024
359
O‘zbekiston global reytinglarda o‘z o‘rnini yaxshilashda davom etmoqda

Elektron hukumat reytingida O‘zbekiston 6 pog‘onaga yuqorilab, indeksning juda baland guruhiga qo‘shildi. Avvalgi reytingda 18 pog‘ona ko‘tarilganini inobatga olsa 2 ta reytingda umumiy 24 pog‘onaga ko‘tarildi, deyiladi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning rasmiy telegram kanalida.

Xabaringiz bor, 17−20 sentyabr kunlari Toshkentda «ICT Week Uzbekistan 2024» tadbiri o‘tkazildi. Ushbu tadbir doirasida bo‘lib o‘tgan «Raqamli hukumat: istiqbolli rejalar va to‘siqlar» forumida so‘zga chiqqan Raqamli texnologiyalar vaziri ushbu xushxabar bilan bo‘lishdi:

«BMTning yangi reytingida mamlakatimiz 6 pog‘onaga ko‘tarildi. 2022 yilda esa 18 pog‘onaga ko‘tarilgan edik. Oxirgi to‘rt yil ichida 24 pog‘onaga yuqoriladik. Bu mana shu yerda o‘tirganlarning mehnati, hamma 24 soat ishlaydi, shanba, yakshanba dam olish kuni ham demaydi. Sizlarning mehnatingiz natijasi bilan davlatimiz 24 ta boshqa mamlakatga nisbatan yaxshiroq ishladi, degani. Bu, albatta, yaxshi tendensiya. Lekin oldimizga juda katta maqsad qo‘yilgan: prezidentimiz 2030 yilgacha Top-30 davlatlar qatoriga chiqarish masalasini qo‘ygan. Bu oson bo‘lmaydi, buning uchun juda ko‘p harakat qilishimiz kerak. Chunki boshqa davlatlar ham harakat qilyapti, ular ham oldinga chiqishga intiladi. Xo‘sh, biz qaysi yo‘ldan qanday qilib yaxshiroq harakat qilishimiz mumkin, degan masalani bugungi tadbirda ochiq-oydin muhokama qilib olsak», — dedi Sherzod Shermatov.

BMTning Ijtimoiy va iqtisodiy masalalar departamenti tomonidan BMTga aʼzo 193 davlatda elektron hukumatni rivojlantirish holati tahlil qilinib, har ikki yilda hisobot taqdim etiladi. 2024 yil natijalari "Barqaror Rivojlanish uchun Raqamli Transformatsiyani kuchaytirish” nomi ostida eʼlon qilindi.

Avvalgi, yaʼni 2022 yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston mazkur reytingda 0,7265 qiymat bilan 69-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2024 yilda 0,7999 indeks hisobiga 6 pog‘onaga yuqorilab, 63-o‘ringa chiqdi.

O‘z navbatida, ilk marotaba O‘zbekiston baland elektron hukumatni rivojlantirish indeksi guruhidan juda baland guruhiga qo‘shildi.

Shuningdek, ushbu natija “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlarida 2025 yil uchun belgilangan 0,75 qiymatdan ham oshganligini taʼkidlash zarur.

Albatta, bunday natijalarga o‘z-o‘zidan erishilmaydi. Elektron hukumatni rivojlantirishda davlat organlari faoliyatidagi hujjatlar almashinuvini avtomatlashtirish, yaʼni elektron hujjat aylanish tizimlarining joriy etilishi va barqaror ishlashi ushbu yo‘nalishdagi muhim qadamlardan hisoblanadi.

Bu borada Yunikon soft kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Yagona idoralararo ijro intizomi “ijro.gov.uz” tizimi muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda davlat va mahalliy hokimiyat organlarida joriy etilgan ushbu tizim 139 mingdan oshiq foydalanuvchiga ega hamda samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning bahor oylarida Raqamli texnologiyalar vaziri Oliy Majlisda o‘tkazilgan “Hukumat soati” doirasida deputatlarning yurtimizda axborot texnologiyalari sohasidagi o‘zgarishlar bo‘yicha savollariga javob bergan edi. Bunda “ijro.gov.uz” tizimi negizida “Raqamli idora” platformasini ishlab chiqish va joriy qilish bo‘yicha choralar ko‘rilayotgani hamda ushbu platformani ishga tushirish orqali barcha turdagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar va idoralararo hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosining nazoratini olib borish, ichki va tashqi hujjat aylanish jarayonlarini raqamlashtirish ko‘zda tutilgani aytib o‘tilgan edi. Va biz ushbu masalada Yunikong soft kompaniyasi direktori Sherzod Habibullayevdan intervyu olgan edik. Demak, Top-30talikka kirish bo‘yicha shahdam qadamlar tashlanyapti.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Global Cybersecurity Index (global kiberxavfsizlik indeksi) 2024da ham T2 Advancing – yaxshi rivojlanayotgan davlatlar qatoridan joy olgan edi.

Bu yilgi Global kiberxavfsizlik indeksida mamlakatlarning kiberxavfsizlik tahdidlariga tayyorgarlik choralari  5 ta pog‘onaga bo‘lib baholangan (eng pastidan yuqorigacha: T5 Building - poydevori yaratilayotgan, T4 Evolving - shakllanayotgan, T3 Establishing - mustahkamlanayotgan, T2 Advancing - yaxshi rivojlanayotgan, T1 Role-modeling - namuna bo‘layotgan). O‘zbekiston avvalgi indeksga nisbatan o‘sib, T2 Advancing - yaxshi rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kiritilgani mamlakatimizda bu sohaga ham alohida eʼtibor berilayotganining o‘ziga xos tasdig‘i bo‘lib xizmat qiladi. 

Albatta, hali bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar juda ko‘p, ayniqsa raqamli texnologiyalar hayotimizga keng kirib kelayotgan davrda aholimizning barcha qatlamlarini kiberxavfsizlik tahdidlaridan ogoh bo‘lib, firibgarlarga ishonmaslik ko‘nikmalarini shakllantirish eng qiyin bo‘lgan vazifalardandir, deydi vazir Sherzod Shermatov.

Tavsiya