Humane kompaniyasining ekransiz smartfonlari kutilgan natijani bermadi. Gap qo‘l telefonlari sohasida inqilob qiladi deyilgan AI Pin‘lar haqida ketmoqda.
Birinchi yil davomida 100 000ga yaqin qurilma sotishni reja qilgan kompaniya faqat 10%lik natijaga chiqa oldi. Yaʼni 10 000ta AI Pin sotildi, lekin shundan 3000dan ortig‘i ortga qaytgan, deyiladi New York Times hisobotida.
Xo‘sh, o‘zi bu qanday qurilma?
AI Pin – bu ekransiz smartfon hisoblanib, zarur maʼlumotlar ochiq havoda proyeksiyalanadi, masalan kaftga. Qurilmani boshqarish imo-ishora va ovoz yordamida amalga oshiriladi. Uning asosiy yutug‘i sifatida sunʼiy intellektdan unumli foydalanishi keltiriladi.
Ammo so‘nggi maʼlumotlar shuni ko‘rsatadiki, foydalanuvchilar bunday gadjet uchun 700 AQSH dollari va qo‘shimchasiga oyiga 24 dollardan to‘lab borishga rozi emas. Bo‘lib ham ushbu qurilma o‘zining sekin ishlashi hamda quvvat manbaining tez tugab qolishi bilan “muxlislari” hafsalasini pir qilgan.
Qiziqarli fakt: Humane ushbu mahsulot va uning imkoniyatlarini o‘ta yuqori baholab, mish-mishlarga ko‘ra 200 million dollarga yaqin investitsiya jalb qilishga ulgurgan. Lekin atigi 9 million dollarlik AI Pin‘larni sotishga muvaffaq bo‘ldi, shundan 1 million dollarlik mahsulot qaytarilgan. Bundan tashqari joriy yilning may oyida kompaniya o‘zini 1 milliard AQSH dollarigacha baholab, xaridor izlayotgan edi.
Humane so‘zlari bilan aytganda, “sizning ikkinchi miyangiz” vazifasini bajarish uchun mo‘ljallangan “inqilobiy gadjet” tezda dramatik halokatga uchradi. Va “ekranli” smartfonlar “o‘limi” kechiktirildi
Ko‘rinishidan, bu sunʼiy intellektga bo‘lgan haddan tashqari ishtiyoq va kutilmalarning oqibati. Balki sunʼiy intellektni hozircha funksiya sifatida qoldirgan maʼquldir? Chunki mahsulot sifatida sotish hali ertaga o‘xshaydi. Yana bilib bo‘ladimi, zamon va texnologiyalar shu darajada shiddat bilan rivojlanyaptiki, bugun orzu bo‘lgan hodisalarning biroz o‘tib voqelikda ko‘ryapmiz.